O‘zbekistonda mikroelektronika loyihalash bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanadi
O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda Malayziyaning "Penang Skills Development Centre (PSDC)" markazi o‘rtasida kasbiy ta’lim va malakali mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha hamkorlik yo‘lga qo‘yildi.
Hamkorlik doirasida vazirlik tasarrufidagi Malakani baholash markazlarida mikroelektronika, mexatronika va mikrosxemalarni loyihalash (IC Design) yo‘nalishlari bo‘yicha ixtisoslashgan o‘quv va baholash markazini tashkil etish rejalashtirildi.
Yangi markazda "Kasb vaucheri" tizimi orqali fuqarolar zamonaviy texnologiyalar bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini oshirib, mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblarni egallash imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Ma’lumki, “Penang Skills Development Centre” (PSDC) 1989-yilda tashkil etilgan bo‘lib, elektronika, mikroelektronika, yarimo‘tkazgichlar va avtomatlashtirish sohalari uchun mutaxassislar tayyorlashga ixtisoslashgan. Markazning sanoat hamkorlari qatorida Intel, AMD, Bosch, Renesas va OSRAM kabi yirik xalqaro kompaniyalar mavjud.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA