Urganchda o‘tkazilgan seminar neyrojarrohlikning dolzarb muammolariga bag‘ishlandi
Xorazm viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida neyrojarroh mutaxassislar uchun "Neyroxirurgiyaning dolzarb muammolari va ularning yechimi" mavzusida ilmiy-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Respublika ixtisoslashtirilgan neyroxirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bolalar neyroxirurgiyasi bo‘limi rahbari, professor Mahmud Ahmediyev hamda markaz bosh shifokori Sodiqjon Sodiqov so‘zga chiqib, mazkur anjumanning ahamiyati hamda zamonaviy tibbiyotdagi so‘nggi o‘zgarishlar va yutuqlar haqida to‘xtalib o‘tdilar.


– Neyroxirurgiya sohasida zamonaviy yondashuvlarni amaliyotga keng joriy etish, hududlarda yuqori texnologik tibbiy xizmatlar sifatini oshirish hamda malakali mutaxassislar o‘rtasida tajriba almashishning ahamiyati juda katta, – deydi professor Mahmud Ahmediyev. Bugungi seminarda bosh miya qon-tomir kasalliklari, umurtqa pog‘onasining degenerativ kasalliklari, orqa miya o‘smalari hamda bolalar neyroxirurgiyasida uchraydigan patologiyalarning zamonaviy diagnostikasi va davolash usullari haqida suhbatlashdik.

Seminar doirasida sohaning yetakchi mutaxassislari va olimlari tomonidan dolzarb mavzulardagi ma’ruzalar hamda murakkab klinik holatlar atroflicha tahlil qilindi.
Shuningdek, tadbir davomida sohadagi dolzarb muammolar muhokama qilinib, ilg‘or klinik tajribalar yuzasidan fikr almashildi.
Ahmadjon Shokirov,
O‘zA muxbiri