O‘zbekistonda vaksinalar xavfsizligi qanday ta’minlanadi?
Insoniyat tarixi davomida ko‘plab xavfli yuqumli kasalliklar mislsiz talafotlar keltirib, millionlab insonlarning hayotiga zomin bo‘lgan. Tibbiyotning rivojlanishi va eng muhimi, vaksinalarning yaratilishigina bu achchiq tarixni butunlay o‘zgartirib yubordi. Bugungi kunda emlash shaxsiy himoya vositasi, shuningdek, butun jamiyat salomatligini asrovchi qudratli qalqon hisoblanadi. Qaysidir ma’noda, vaksinalar kelajagimiz uchun qo‘yilgan eng ishonchli xavfsizlik kafolatidir.
Xo‘sh, vaksinalar xavfsizligi qanday tekshiriladi? Ularni saqlash va tashishda nimalarga e’tibor beriladi?
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi bosh mutaxassisi Xursanoy Jamolova vaksinalarning sifat nazorati, klinik va laboratoriya tekshiruvlari, sovuq zanjir talablari hamda emlashdan keyingi tibbiy kuzatuv haqida quyidagilarni gapirib berdi:
– Mamlakatimizda aholi va bolalar tasdiqlangan milliy profilaktik emlashlar kalendariga asosan 13 turdagi yuqumli kasalliklarga qarshi emlanmoqda.
Ayni kunda respublikaga markazlashgan holda olib kelinayotgan vaksinalar xavfsiz bo‘lib, Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining prekvalifikatsiya sertifikatiga ega. Ya’ni, bugungi kunda respublikada aholi va bolalarni emlash uchun yaroqliligi tasdiqlangan, xavfsizligi ta’minlangan vaksinalar Birlashgan Millatlar Tashkilotining O‘zbekistondagi vakolatxonasi YUNISEF tashkiloti rahbarligida olib kelinmoqda.
Vaksinalarning xavfsizligi bo‘yicha bir qancha tadbirlar olib borilyapti. Ya’ni, bu ishlab chiqaruvchi zavod tomonidan o‘sha ishlab chiqarilgan vaksinani amaliyotda qo‘llash uchun bir nechta klinik bosqichlardan o‘tkaziladi. Vaksinalarning amaliyotga yaroqliligi tasdiqlanganidan so‘ng Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti laboratoriyasiga yuborilib, prekvalifikatsiya sertifikati olinadi.
Yurtimizga keltirilgan har bir vaksina ishlab chiqaruvchi zavodning sertifikatiga mosligini o‘rganish uchun yana laboratoriya sinovlari o‘tkaziladi va Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligini ta’minlash markazi tomonidan uning yaroqliligi qayta tasdiqlanadi.
Shuningdek, vaksinalarning sovuqlik zanjiriga rioya etilishi monitoringi ham olib borilmoqda. Ya’ni, vaksinalar omborxonadan maxsus avtorefrijeratorlarda sovuqlik zanjiriga rioya etilgan holda hududlarga olib ketiladi. Davolash-profilaktika muassasalarining hammasida emlash xonalarida sovutgichlar o‘rnatilgan. Mana shu sovutgichlarda vaksinalar sovuqlik zanjiriga rioya etilgan holda +2 dan +8 gacha haroratda saqlanadi.
Har yili mamlakatimizga bolalarni emlash uchun 22 million dozaga yaqin 13 turdagi vaksina olib kelinmoqda. 5 milliondan ko‘proq, 6 million nafarga yaqin bola emlash bilan qamrab olinyapti. Emlashdan so‘ng bolalarga uch kun davomida patronaj xizmati ko‘rsatiladi va mana shu kuzatuv natijasida emlash xavfsizligi, samaradorligi o‘rganiladi.
Joriy yilning to‘qqiz oyi davomida respublika bo‘yicha 600 mingdan ortiq bola emlandi va emlangan bolalar orasida og‘ir, nojo‘ya holatdagi shuningdek, jiddiy reaksiyalar kuzatilmadi.
Alohida aytib o‘tishimiz kerakki, respublikaning 4 mingga yaqin davolash-profilaktika muassasalari emlash punktlarida kasbiy tayyorgarligi oshirilgan vaksinator tibbiyot xodimlari ishlayapti. Bundan tashqari, har bir bolaga vaksina qilinishidan oldin ota-onalariga tushunchalar berib o‘tiladi.
Eng muhimi, ota-onalar farzandlarining sog‘lom voyaga yetishi va turli hil kasalliklarning og‘ir asoratlaridan himoyalash uchun yashash manzilidagi poliklinikaga murojaat qilib, emlashlarni o‘z qaqtida olishi zarur.
Mohigul Qosimova,
O‘zA