O‘zbekistonda ishbilarmonlik faolligi indeksi aprel oyida yuqori o‘sishni qayd etdi
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan baholangan Ishbilarmonlik faolligi indeksi 2026-yil aprel oyida 1065 birlikni tashkil etib, o‘tgan oyga nisbatan 6,5 foizga ortgan bo‘lsa, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan esa 22 foizga o‘sish kuzatilgan.
Joriy yilning aprel oyida Ishbilarmonlik faolligi indeksi komponentlari darajasida quyidagi o‘zgarishlar kuzatildi. Xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning bank hisob-varaqlaridagi operatsiyalar soni bo‘yicha komponent 8,3 foizga ortgan. Tovar-xom ashyo birjasida xom-ashyo sotib olish jadalligi 5,4 foizga oshgan bo‘lsa, faoliyat ko‘rsatayotgan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar bo‘yicha komponent 1,7 foizga ortgan. Tovar belgilari bo‘yicha komponent esa 33,9 foizga ortgan.

Shuningdek, 2026-yil aprel oyida Ishbilarmonlik faolligi indeksi barcha hududda o‘tgan oyga nisbatan o‘sishi kuzatilgan. Jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 46,2 foiz, Namangan viloyatida 43,0 foiz, Jizzax viloyatida 41,1 foiz va Sirdaryo viloyatida 38,1 foiz darajada sezilarli darajada o‘sish kuzatilgan.
Hisobot davrida banklararo to‘lov operatsiyalari soni 7 641,3 ming tani tashkil etib, 2026-yilning mart oyiga nisbatan 588,8 ming tranzaksiyaga yoki 8,3 foizga ortgan. Banklararo to‘lov operatsiyalari soni 12 ta hududda ortgan. Xususan, Toshkent shahrida 9,8 foiz, Toshkent viloyatida 9,1 foiz, Sirdaryo viloyatida 9,0 foiz va Qoraqalpog‘iston Respublikasida 8,1 foiz darajada yuridik shaxslar o‘rtasidagi bank operatsiyalari soni o‘tgan oyga nisbatan sezilarli ortgan. Bu ko‘rsatkich Xorazm viloyatida 4,4 foiz va Andijon viloyatida 3,7 foizga kamaygan.
Joriy yilning mart oyida Ishbilarmonlik faolligi indeksining birja komponenti 1,0543 birlikni tashkil etgan bo‘lib, o‘tgan oyga nisbatan 5,4 foizga ortgan. Bunda, har bir bitim bo‘yicha sotib olingan tovarlarning o‘rtacha hajmi 15,0 foizga ortganligi va tuzilgan bitimlar soni 4,1 foizga kamayganligi kuzatildi.

Respublika tovar-xom ashyo birjasida asosiy 34 turdagi tovarlar savdosining umumiy aylanmasi hajmi 2026-yil aprel oyida 8 532 milliard so‘mni tashkil etib, ushbu ko‘rsatkich o‘tgan oyga nisbatan 14,4 foizga ortgan. Bunda birja savdolardagi ushbu faollikda sanoat moyi savdosi hajmining o‘tgan oyga nisbatan 208,5 baravarga, bitum 2,6 baravar, paxta moyi 1,9 baravar va dizel yoqilg‘isi 1,6 baravarga ortishi asosiy omil hisoblanadi.
Hisobot davrida faoliyat yuritayotgan xo‘jalik sub’ektlari komponenti 1,0170 birlikni tashkil etib, oldingi oyga nisbatan 1,7 foizga ortgan. Bunda barcha turdagi faoliyat yuritayotgan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar soni oldingi oyga nisbatan 3 682 birlikka ortib, 514,7 mingtani tashkil etgan. Yirik tadbirkorlik bilan shug‘ullanuvchi korxonalar soni esa 221 taga oshib, 4 940 tani tashkil etgan bo‘lsa, kichik korxonalar soni 3,6 mingtaga ortib, 420,9 mingtaga yetgan. Shuningdek, fermer xo‘jaliklari soni 141 taga kamayib, 88,9 mingtani tashkil etgan.
2026-yilning aprel oyida savdo belgilari bo‘yicha komponent 1,3392 birlikni tashkil etib, o‘tgan oyga nisbatan 33,9 foizga ortgan. Mazkur davrda yuridik shaxslar tomonidan 529 ta tovar belgilari va tovar nomlari ro‘yxatga olingan.
Mohigul Qosimova, O‘zA