Mavrigi sadolari xalqaro maydonda
Botir Zokirov nomidagi Milliy estrada san’ati institutida Turk dunyosida musiqa va raqs tadqiqot guruhining 20 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan Xalqaro 10-simpozium doirasida o‘tkazilgan ijodiy uchrashuv milliy san’atimiz targ‘ibotida muhim madaniy voqeaga aylandi. Unda turli davlatlardan tashrif buyurgan olimlar, san’atshunoslar, xoreograflar va ijodkorlar ishtirok etib, turkiy xalqlarning boy musiqiy va raqs merosi haqida fikr almashdi.
Tadbirda xalqaro miqyosda tanilgan xoreograf, raqs tadqiqotchisi va pedagog Sashar Zarif ishtirok etishi anjuman nufuzini yanada oshirdi. Shuningdek, O‘zbekiston davlat filarmoniyasi Buxoro viloyati bo‘linmasining “Mavrigi” ansambli hamda “Buxoro mavjlari” raqs ansambli jamoasi tomonidan namoyish etilgan konsert dasturi yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi.

Badiiy qismda yangragan qadimiy “Mavrigi” taronalari, milliy kuy-qo‘shiqlar va Buxoro raqs san’atining nafis namunalari tomoshabinlarni milliy qadriyatlarimiz olamiga yetakladi. Ayniqsa, ijrochilarning sahna madaniyati, milliy an’analarga sodiqligi va yuqori mahorat bilan tayyorlangan chiqishlari xorijlik mehmonlar tomonidan ham yuqori baholandi.

Tadbir doirasida turkiy xalqlar musiqa va raqs san’atining o‘xshash jihatlari, umumiy madaniy ildizlari hamda milliy merosni xalqaro maydonda keng targ‘ib qilish masalalari muhokama qilindi. Ijodiy hamkorlikni mustahkamlash, tajriba almashish va kelgusida qo‘shma madaniy loyihalarni amalga oshirish yuzasidan ham muhim takliflar ilgari surildi.

–Buxoro azaldan nafaqat ilm-fan, balki boy musiqiy va raqs an’analari bilan ham dunyoga mashhur, –deydi O‘zbekiston davlat filarmoniyasi Buxoro viloyat bo‘linmasi direktori Rauf Avezov.–“Mavrigi” san’ati xalqimizning ma’naviy boyligi hisoblanadi. Bugun uning xalqaro anjumanlarda namoyon bo‘layotgani milliy merosimizga bo‘lgan qiziqish tobora ortib borayotganidan dalolat beradi. Bunday uchrashuvlar ijodiy aloqalarni kengaytirish, yosh avlodni milliy san’atga mehr ruhida tarbiyalash va madaniy diplomatiyani rivojlantirishga xizmat qiladi.
Simpozium doirasida o‘tkazilgan mazkur ijodiy uchrashuv milliy madaniyatimizning betakror jozibasini yana bir bor namoyon etib, O‘zbekiston san’atining xalqaro nufuzini mustahkamlashga munosib hissa qo‘shdi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri