O‘zbekistonda ham yosh tadqiqotchilar avlodini tarbiyalash zaruriyati bor
FAN.2026-yil 6-oktabr kuni Shvetsiya Qirollik Fanlar akademiyasi Fizika bo‘yicha Nobel mukofotini belgiyalik-amerikalik olim Frensis Halzenga topshirishini e’lon qildi.
Yuksak mukofot IceCube Neytrino observatoriyasiga qo‘shgan hal qiluvchi hissasi va astrofizik manbalarga ega yuqori energiyali neytrinolarni kashf etgani uchun berildi. Bu xushxabar ilmiy hamjamiyat uchun kutilmagan yangilik bo‘lmadi, biroq uning ortida butun jamiyat, xususan, ta’lim tizimi mulohaza qilishi lozim bo‘lgan muhim saboqlar yotibdi.
Neytrino elektr zaryadiga ega emas va modda bilan deyarli ta’sirlashmaydi, shu bois uni ko‘pincha «arvoh zarra» deb atashadi. Bu xususiyat ham imkoniyat, ham jiddiy qiyinchilik tug‘diradi. Yorug‘lik chang, gaz va yulduzlararo muhitda yutilishi yoki sochilishi mumkin, neytrino esa har qanday to‘siqdan deyarli sezilmay o‘tib, koinotning eng uzoq va shiddatli jarayonlaridan bevosita xabar keltiradi. Tabiiyki, uni qayd etish nihoyatda murakkab. Olim Frensis Halzen va uning hamkasblari ushbu muammoni noan’anaviy usul bilan hal etdi: detektor sifatida Antarktidaning Janubiy qutbidagi muzlikdan foydalandi. 86 ta arqonsimon simlar (string) bo‘ylab 1 450–2 450 metr chuqurlikda joylashtirilgan 5 160 ta raqamli optik modul neytrino muz bilan ta’sirlashganda paydo bo‘ladigan kuchsiz Cherenkov nurlanishini ilg‘ab oladi. 2013-yilda IceCube yuqori energiyali astrofizik neytrinolarning birinchi muhim kuzatuv dalillarini taqdim etgan bo‘lsa, bugungi kunda neytrino astronomiyasi mustaqil va istiqbolli soha sifatida shakllandi.
Garchi 82 yoshli Frensis Halzen mukofotni yakka o‘zi olgan bo‘lsa-da, IceCube aslida yuzlab olimlar, fiziklar, muhandislar, optik sensorlar bo‘yicha mutaxassislar, dasturchi va statistiklarning birgalikdagi mehnati mahsulidir. Detektorni barpo etish muhim, ammo undan kelayotgan ulkan ma’lumotlar oqimidan zarur signalni ajratib olish, uning energiyasi va yo‘nalishini aniqlash chuqur hisoblash va statistik tahlilni talab etadi. Bu zamonaviy fizika endilikda nafaqat quruq formula va laboratoriya stoli, balki fanlararo integratsiya ekanini ko‘rsatadi.
Shu o‘rinda tabiiy savol tug‘iladi: biz auditoriyalarimizda talabalarga zamonaviy fizikani qanday yetkazyapmiz? Afsuski, ko‘p hollarda mavzular bir-biridan ajratilgan holda o‘qitiladi: optika, yadro fizikasi, statistika va dasturlash alohida yo‘nalish sifatida qolib ketmoqda. IceCube tajribasi esa butun zanjirni — neytrinodan tortib kosmik manbani aniqlashgacha bo‘lgan jarayonni yagona mantiqiy tizimga birlashtiradi. Talabaga tayyor formulani yodlatishdan ko‘ra, real ilmiy muammoni qo‘yish va yechim izlashga o‘rgatish ularda tadqiqotchilik, raqamli va matematik ko‘nikmalarni rivojlantiradi.
Shu sababli oliy ta’lim tizimida kosmik zarralar fizikasi, astrofizika va neytrino fizikasi bo‘yicha zamonaviy mavzularni o‘quv dasturlariga kiritish, raqamli modellashtirish va statistik tahlilni fizika kurslarining tarkibiy qismiga aylantirish davr talabidir. Shuningdek, real ilmiy muammolarga asoslangan topshiriqlar tayyorlash hamda fizika, informatika va muhandislik yo‘nalishlari o‘rtasida fanlararo hamkorlikni kuchaytirish lozim.
IceCube Upgrade va IceCube-Gen2 kabi loyihalar neytrino astronomiyasi imkoniyatlarini yanada kengaytirishi kutilmoqda. 2026-yilgi Nobel mukofoti bizga noyob g‘oya, sabr va jamoaviy mehnat eng murakkab to‘siqlarni ham yengishi mumkinligini yana bir bor eslatdi. Antarktida muzidagi «teleskop» koinotni o‘rganishda yangi davrni ochdi. Endigi vazifa — ushbu zamonaviy fan yutuqlarini yurtimiz darsxonalariga faol olib kirish va yosh tadqiqotchilar avlodini tarbiyalashdan iborat.
Erkin XO‘JANOV,
O‘zbekiston milliy pedagogika universiteti
Fizika kafedrasi mudiri, professor.
Xolidaxon TAJIBOEVA,
O‘zbekiston milliy pedagogika universiteti
Fizika kafedrasi dotsenti.