Özbekistonda halokatlar tibbiyoti tizimini rivojlantiriş konsepsiyasi loyihasi işlab çiqildi
Favqulodda vaziyatlarda har bir soniya ğanimat. Bunday paytda qutqaruvçilar, tez tibbiy yordam brigadalari va şifoxonalarning qançalik tezkor va hamjihatlikda harakat qilişi insonlar hayotini saqlab qolişda hal qiluvçi ahamiyat kasb etadi.
Şu bois, yurtimizda favqulodda vaziyatlarda tezkor va kompleks çoralar köriş, bunda tez va şoşilinç tibbiy yordam tizimini takomillaştiriş masalasiga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Uşbu yönalişdagi islohotlarning mantiqiy davomi sifatida yurtimizda ilk bor Özbekistonda halokatlar tibbiyoti tizimini rivojlantiriş konsepsiyasi loyihasi işlab çiqildi.
Poytaxtimizda bölib ötgan uşbu hujjatning muhokamasi böyiça davra suhbatida Rossiya, Turkiya, Qozoğiston kabi davlatlardan kelgan ekspertlar, Jahon soğliqni saqlaş taşkiloti, Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati, Koreya xalqaro soğliqni saqlaş jamğarmasi vakillari, şuningdek, mahalliy mutaxassislar uning ahamiyati, öziga xos xususiyatlari va konsepsiyani amaliyotda samarali joriy qiliş masalalari xususida atrofliça söz yuritdi.
Konsepsiyada tez tibbiy yordam hamda şoşilinç tibbiy yordam xizmatlari birlaştirilgan holda, yaʼni integratsiya qilingan holda hamkorlikda amalga oşiriladigan işlar belgilab berilgan.
– Konsepsiyaning eng muhim jihati favqulodda vaziyatlarda tibbiy yordam körsatişning yagona boşqaruv va muvofiqlaştiriş tizimini yaratişdir. Bunda yangidan alohida xizmat taşkil etiş emas, balki mavjud tibbiyot muassasalari va xizmatlarning imkoniyatlarini birlaştiriş közda tutilmoqda. Yaʼni tez tibbiy yordam, şoşilinç tibbiy yordam muassasalari, sanitariya aviatsiyasi va boşqa tegişli xizmatlar özaro muvofiqlaşgan holda faoliyat yuritadi. Çaqiruv kelib tuşganidan tortib jabrlanganlarga tibbiy yordam körsatiş, ularni evakuatsiya qiliş va şifoxonaga yotqizişgaça bölgan barça jarayonlar yagona tizim asosida boşqariladi, – dedi Respublika tez tibbiy yordam markazi direktori örinbosari Nozimjon Dalibayev.

Şuningdek, konsepsiyada amaldagi kol-markazlarini tezkor boşqaruv markazlariga bosqiçma-bosqiç aylantiriş taklif etilmoqda. Bu çaqiruvlarni töğri taqsimlaş, tibbiy brigadalar harakatini muvofiqlaştiriş va bemorlarni tegişli şifoxonalarga öz vaqtida yönaltiriş imkonini kengaytiradi.
Xorijlik ekspertlarning sözlariga köra, Özbekistondagi mavjud tez va şoşilinç tibbiy yordam xizmatlari zamonaviy halokatlar tibbiyoti tizimini yaratiş uçun yaxşi asos böla oladi. Muhokama qilinayotgan konsepsiya xalqaro ekspertlar tomonidan körib çiqilgan va ular özlarining tegişli tavsiyalarini bergan. Bu tizim samarali işlaşi uçun muntazam öquv maşğulotlari ötkaziş, mutaxassislarni tayyorlaş, xizmatlarni zarur vositalar bilan töliq taʼminlaş va mablağ ajratiş lozim.
Loyihada boşqaruvning respublika, hududiy va mahalliy darajalarini qamrab oluvçi uç bosqiçli tizimni şakllantiriş ham nazarda tutilgan.
Konsepsiyaning yana bir öziga xos jihati şundaki, unda faqat yirik tabiiy ofatlarda emas, balki yöl-transport hodisalari, yonğinlar, oğir jarohatlar va hayot uçun xavfli boşqa holatlarda ham tibbiy xizmatlar muvofiqlaşgan holda işlaşi belgilangan. Hujjatda sanitariya aviatsiyasini rivojlantiriş, jabrlanganlarni evakuatsiya qiliş, mutaxassislarni tayyorlaş masalalariga ham alohida eʼtibor qaratilgan. Loyihani işlab çiqişda Rossiya, Turkiya hamda uşbu yönalişda köp yillik va samarali tizimga ega boşqa qator xorijiy davlatlarning ilğor tajribasi örganilgan.
Mohigul Qosimova,
ÖzA