O‘zbekiston yoshlar delegatsiyasi Ozarbayjonda
Xorazm viloyati yoshlar ishlari boshqarmasi boshlig‘i Bobur Olimov boshchiligidagi O‘zbekiston yoshlar delegatsiyasi ayni kunlarda Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida bo‘lib turibdi.
Tashrif doirasida ikki davlat o‘rtasidagi madaniy-gumanitar aloqalarni yanada kengaytirish, yoshlar siyosati sohasidagi hamkorlikni mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Yoshlarimizning ilk manzili “Gənclər mərkəzi” bo‘ldi. O‘zbek tilida “Yoshlar markazi” deb ataladigan ushbu maskanda delegatsiya a’zolari markaz faoliyati, yoshlar uchun yaratilgan zamonaviy sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.

Shuningdek, markazda O‘zbekiston va Ozarbayjon yoshlari o‘rtasida samimiy muloqotlar, ijodiy uchrashuvlar hamda o‘zaro tajriba almashish jarayonlari ham o‘tkazildi.

Boku yoshlar va sport boshqarmasi rahbari Denyar Teymurlu bilan samimiy muloqot chog‘ida esa ikki o‘lka o‘rtasida yoshlar siyosati, sport va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni yanada kengaytirish, yoshlar o‘rtasida tajriba almashinuvini o‘rnatish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va do‘stona aloqalarni mustahkamlash kabi masalalar muhokama qilindi.

O‘zbekiston yoshlar delegatsiyasining Bokuga tashrifi doirasida Ozarbayjon barqaror va operativ ijtimoiy ta’minot agentligi huzuridagi Inklyuziv taraqqiyot va ijodkorlik markazining inklyuziv rivojlanish, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash hamda yoshlar uchun yaratilgan imkoniyatlar bilan ham tanishildi.

Shuningdek, yoshlarimiz vakillari O‘zbekiston Respublikasining Ozarbayjondagi elchixonasiga ham bo‘lishdi.

O‘zbekiston va Ozarbayjon yoshlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, o‘zaro tajriba almashish va yangi tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash muhim ahamiyat kasb etadi. Mazkur tashrif esa ikki davlat o‘rtasida yoshlar siyosati va ijtimoiy sohadagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Ahmadjon Shokirov, O‘zA