O‘zbekiston Yangi taraqqiyot banki to‘g‘risidagi bitimga qo‘shiladi
Senat yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining Yangi taraqqiyot banki to‘g‘risidagi Bitimga (Fortaleza, 2014-yil 15-iyul) qo‘shilishi haqida”gi qonun ko‘rib chiqildi.
Qonun yuzasidan ma’ruza qilgan Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi raisi Alisher A’zamxo‘jayev bitimning asosiy maqsadi – investitsiya faoliyati orqali ishtirokchi davlatlarning o‘zaro savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarini kengaytirishga ko‘maklashish ekanini ta’kidladi.

Yangi taraqqiyot bankiga a’zo bo‘lish mamlakatimiz uchun xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, infratuzilma va barqaror rivojlanish sohalaridagi yirik loyihalarni moliyalashtirish imkoniyatlarini kengaytiradi.

Bank davlat va xususiy sektor loyihalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida kreditlar ajratish, kafolatlar berish va investitsiya kiritish kabi zamonaviy moliyaviy instrumentlardan foydalanadi.

Senatorlar ma’qullagan qonun O‘zbekiston Respublikasining xalqaro moliyaviy institutlar bilan hamkorligini kengaytiradi. Investitsiyalarni jalb etish va iqtisodiyot tarmoqlarini modernizatsiya qilish, shuningdek, mamlakatning barqaror iqtisodiy o‘sishini ta’minlash hamda infratuzilmani rivojlantirishga xizmat qiladi.
N.Abduraimova,
N.Haydarov (surat),
O‘zA