O‘zbekiston voleybol federatsiyasining 2025 yildagi faoliyati sarhisob qilindi
Poytaxtimizdagi “Renessans” kino uyi anjumanlar zalida O‘zbekiston voleybol federatsiyasining 2025 yil sarhisobi va taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Shuni ta’kidlab o‘tishimiz lozimki, so‘nggi yillarda O‘zbekiston voleybol federatsiyasi tomonidan mamlakatimizda voleybol sport turini rivojlantirish, yosh iqtidorlarni saralab olish va tayyorlash, murabbiylar hamda hakamlar salohiyatini yuksaltirish, shuningdek, xalqaro hamkorlikni kengaytirish yo‘nalishida samarali ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, U19 jahon chempionatiga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida O‘zbekiston U19 terma jamoasi a’zolari Rossiya, Belarus va Sloveniya davlatlarida o‘quv-yig‘in mashg‘ulotlarida ishtirok etdi. Ushbu yig‘inlar yosh sportchilarning jismoniy va texnik-taktik tayyorgarligini oshirish, xalqaro tajribasini boyitishda muhim ahamiyat kasb etdi.
Yil davomida respublika miqyosida 40 dan ortiq mahalliy musobaqalar tashkil etildi. Shu bilan birga, 8 ta xalqaro musobaqaga O‘zbekiston mezbonlik qildi. Respublika chempionatlari, O‘zbekiston kubogi, o‘quv-yig‘in mashg‘ulotlari hamda “Besh tashabbus” doirasidagi musobaqalar reja asosida o‘tkazildi.
[gallery-26909]
Ayniqsa, O‘zbekiston kubogi musobaqasi tarixiy ko‘rsatkichlar bilan ajralib turdi. Ilk bor ushbu musobaqada qatnashuvchi ayollar jamoalari soni 15 taga, erkaklar jamoalari esa 24 taga yetdi. Mazkur musobaqada joriy yilda tashkil etilgan Ichki ishlar vazirligi akademiyasining “Akademiya” klubi hamda Toshkent davlat transport universitetining “Afrosiyob” jamoalari ham ishtirok etdi.
Mutaxassislar salohiyatini oshirish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Toshkent, Sirdaryo, Samarqand, Navoiy kabi 8 ta hududda jismoniy tarbiya o‘qituvchilari va voleybol murabbiylari uchun o‘quv-seminarlari tashkil etildi. Seminarlar jarayonida ishtirokchilarning bilim va amaliy ko‘nikmalari bevosita sinovdan o‘tkazildi. Shuningdek, barcha hududlarga 50 tadan voleybol to‘plari, to‘rlar, aravachalar va zarur sport inventarlari yetkazib berildi.
Xalqaro hamkorlik yo‘nalishida ham samarali ishlar amalga oshirildi. 2024 yil Neapol shahrida bo‘lib o‘tgan AVC yil yakunlari tadbirida O‘zbekiston voleybol federatsiyasi yil davomida amalga oshirilgan ishlari uchun 3 ta nominatsiya bo‘yicha g‘olib deb topildi.
Sport infratuzilmasini rivojlantirish yo‘nalishida olib borilgan tizimli ishlar natijasida respublika bo‘yicha mavjud 10 ming 898 ta maktabning 10 foizida voleybol to‘garaklari faoliyati tizimli yo‘lga qo‘yildi. Shuningdek, Ichki ishlar vazirligi tomonidan jamoat xavfsizligini ta’minlash bilan bir qatorda, voleybol sport turini rivojlantirishga ham alohida e’tibor qaratildi.
Hakamlar korpusini jahon standartlari asosida shakllantirish masalasi ham e’tibor markazida bo‘ldi. Yil davomida 3 ta mahalliy va 1 ta xalqaro nufuzli seminar o‘tkazildi. Xalqaro seminar yakunlariga ko‘ra, FIVB xalqaro hakam toifasini olgan 21 nafar hakamdan 3 nafari O‘zbekiston vakillari ekani e’tiborli natija sifatida qayd etildi.
Qator xorijiy davlatlar federatsiyalari bilan hamkorlik aloqalari mustahkamlandi. Jumladan, U16 qizlar terma jamoasi Ozarbayjonda o‘quv-yig‘in mashg‘ulotlarida ishtirok etdi. Keyinchalik ozarbayjonlik yosh voleybolchilar O‘zbekistonda mehmon bo‘ldi. Yil yakunida esa Qozog‘iston voleybol federatsiyasi vitse-prezidenti Arman Kabesov bilan uchrashuv o‘tkazilib, ikki davlat o‘rtasida voleybolni rivojlantirishga qaratilgan muhim kelishuvlarga erishildi.
Buxoro viloyatidagi 200 ta maktabda sohil voleyboli maydonlari tayyorlandi. Shuningdek, “Jar” sport-sog‘lomlashtirish markazi hamda “Kamalak” sog‘lomlashtirish oromgohlarida xalqaro standartlarga javob beradigan sohil voleyboli maydonlari barpo etilib, foydalanishga topshirildi.
Umuman olganda, 2025 yilda O‘zbekiston voleybol federatsiyasi tomonidan amalga oshirilgan ishlar mamlakatimizda voleybol sport turining ommalashuvi, yoshlar va mutaxassislar salohiyatining oshishi hamda O‘zbekistonning xalqaro sport maydonidagi nufuzini mustahkamlashga munosib hissa qo‘shdi.
Darvoqe, tantanali tadbirda joriy yilda faol bo‘lgan sportchilar, murabbiylar va soha mutaxassislari orasida turli nominatsiyalar bo‘yicha yilning eng yaxshilari taqdirlandi.
Javohir Toshxo‘jayev, Nosir Haydarov, O‘ktam Hayitov