O‘zbekiston va Xitoy turizm sohasida yangi loyihalarni boshlamoqchi
Xitoyning Sian shahrida bo‘lib o‘tgan “III O‘zbekiston – Xitoy hududlararo forumi” doirasida Turizm qo‘mitasi raisi A.Aqqulov Xitoyning “Fei Jing Tourism” kompaniyasi (chiqish turizmi) vitse-prezidenti Vey Jiye, “Winner Hydrogen” transport kompaniyasi bosh direktori Lo Tianshi hamda “Shaanxi Tourism Group” kompaniyasi bosh direktori o‘rinbosari Szao Yuevang bilan muzokaralar o‘tkazdi.
“Fei Jing Tourism” kompaniyasi bilan Xitoydan yuqori segment sayyohlarini yurtimizga jalb qilish va kompaniyaning O‘zbekistonda turizm sohasida faoliyat ko‘lamini kengaytirish masalalari muhokama etildi. O‘z navbatida, kompaniya yuqori va biznes segmentidagi mijozlar talabidan kelib chiqib, kamida 80 ta xonaga ega mehmonxonalarni boshqaruvga olish va 4 hamda 5 yulduz toifasidagi Xitoy brendlarini jalb qilish istagini bildirdi.

“Winner Hydrogen” transport kompaniyasi bilan muzokaralarda turizm transporti xizmatlarini kengaytirish loyihalari muhokama qilindi. O‘zbekiston turizm bozoriga olib kirilayotgan Yutong, Golden Dragon, King Long va boshqa rusumdagi avtobuslar uchun kompleks texnik servis ko‘rsata oladigan markaz faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishildi.

Shuningdek, “Shaanxi Tourism Group” kompaniyasi bilan Shansi provinsiyasidan sayyohlar oqimini oshirish, tematik park va boshqa turistik loyihalarni hamkorlikda amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.


Ushbu kompaniya tomonidan Sian shahrida 40 gektar maydonda “Ipak yo‘li” tematik parki barpo etilgan bo‘lib, majmuaning kunlik sayyohlar sig‘imi 40 ming kishini tashkil etadi. Xitoy tomoni bilan “Ipak yo‘li” tematik parkining navbatdagi loyihasini O‘zbekistonda, jumladan “Samarqand turizm markazi”ga tutash hududda tashkil qilish istiqbollari o‘rganib chiqilmoqda.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA