Zominda yangi turizm nuqtasi barpo etildi
Prezident farmoni ijrosi amalda
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning mamlakatimizda turizm sohasini jadal rivojlantirish, hududlarning turistik salohiyatini to‘liq ishga solish va Zominni xalqaro turizm markazlaridan biriga aylantirishga qaratilgan tashabbuslari izchil amaliy natija bermoqda.
Ana shu ezgu maqsadlar ijrosi doirasida Jizzax viloyatining betakror tabiati, musaffo havosi va so‘lim tog‘ manzaralari bilan mashhur Zomin tumanida “Za’faron Premium Hotel” mehmonxona majmuasi foydalanishga topshirildi. Ushbu zamonaviy majmua nafaqat hududning turistik qiyofasini boyitadi, balki Zominning xalqaro turizm xaritasidagi o‘rnini yanada mustahkamlashga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Mazkur loyiha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 6-aprelda qabul qilingan “Zomin” turistik-rekreatsion zonasi va xalqaro umummavsumiy kurortni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni ijrosining amaliy natijasi sifatida e’tiborga molik. “O‘zsanoatqurilishbank” moliyaviy ko‘magi asosida “BMB Holding” tomonidan amalga oshirilgan ushbu yirik loyiha hududda turizm infratuzilmasini yangi bosqichga ko‘tarish, servis xizmatlari sifatini oshirish va sayyohlar oqimini ko‘paytirishga xizmat qiladi.
[gallery-29584]
Loyihaning umumiy qiymati 200 milliard so‘mni tashkil etgan bo‘lib, shundan 165 milliard so‘m “O‘zsanoatqurilishbank”ning uzoq muddatli kredit mablag‘lari, 35 milliard so‘m esa “BMB Holding”ning o‘z mablag‘lari hisobiga yo‘naltirildi. Eng muhimi, majmua faoliyati yo‘lga qo‘yilishi natijasida 120 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratildi. Bu esa aholi bandligini ta’minlash, ayniqsa, yoshlar uchun doimiy va munosib ish o‘rinlari yaratish borasida olib borilayotgan islohotlarning amaliy ifodasidir.
“BMB Holding” Ta’sischilar kengashi raisi Bekzod Mamatqulov ta’kidlaganidek, Turizm sohasiga kiritilayotgan har bir investitsiya, avvalo, inson qadrini yuksaltirishga, hududlar iqtisodiyotini rivojlantirish va yurtimizning xalqaro nufuzini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Zomin tog‘lari bag‘rida qad rostlagan mazkur majmua “BMB Holding”ning turizm va HoReCa — mehmonxona, restoran hamda servis xizmatlari yo‘nalishidagi keng ko‘lamli loyihalarining mantiqiy davomi bo‘ldi. “BMB Holding” tarkibidagi to‘rtinchi mehmonxona sifatida faoliyat boshlagan ushbu majmuada zamonaviy arxitektura yechimlari, milliy mehmondo‘stlik an’analari va xalqaro servis standartlari o‘zaro uyg‘unlashgan.
Qisqa vaqt ichida “Za’faron Premium Hotel” brendi mahalliy va xorijiy sayyohlar orasida ishonchli va zamonaviy turistik maskan sifatida e’tirof etilmoqda. Ayniqsa, mehmonxonada yaratilgan sharoitlar tabiat qo‘ynida mazmunli dam olish, xizmat safari yoki oilaviy sayohatni yuqori darajada tashkil etish imkonini beradi.
Mehmonxona bir vaqtning o‘zida 200 dan ortiq mehmonni qabul qilish imkoniyatiga ega. Bu yerda 107 ta zamonaviy va shinam xona, jumladan, 56 ta standart, 16 ta lyuks, 8 ta yarim lyuks, 13 ta oilaviy xona hamda imkoniyati cheklangan mehmonlar uchun maxsus jihozlangan xonalar tashkil etilgan. Shuningdek, majmua hududida 250 o‘rinli restoran, 150 kishilik konferensiya zali, zamonaviy trenajyor zali va bolalar o‘yin maydonchasi faoliyat yuritmoqda. Bu esa ichki va tashqi turizm rivoji, oilaviy dam olish, biznes tadbirlari hamda xalqaro anjumanlarni yuqori saviyada tashkil etish imkoniyatlarini yanada kengaytiradi.
Mehmonxona boshqaruvini xalqaro standartlar asosida tashkil etish maqsadida Birlashgan Arab Amirliklari va Turkiyaning nufuzli mehmonxonalarida katta tajriba to‘plagan mutaxassislar jalb qilingani ham loyihaning muhim jihatlaridan biridir. Bu esa xizmat ko‘rsatish sifati, boshqaruv samaradorligi va mehmonlarga ko‘rsatiladigan servis darajasini xalqaro talablar asosida shakllantirishga xizmat qiladi.
— Zominning betakror tabiati va turistik imkoniyatlarini jahonga keng targ‘ib qilish, xorijiy va mahalliy sayyohlar uchun zamonaviy sharoitlar yaratish — biz uchun nafaqat biznes vazifasi, balki mamlakat taraqqiyotiga qo‘shilayotgan amaliy hissadir, — deya ta’kidladi tantanali ochilish marosimida so‘z olgan Bekzod Mamatqulov
Tantanali tadbirda Zomin tumani hokimi Alisher Abdug‘aniyev hamda keng jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.
“Za’faron Premium Hotel”ning ishga tushirilishi mamlakatimizda turizm infratuzilmasini yanada rivojlantirish, hududlarning investitsion va turistik jozibadorligini oshirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish hamda O‘zbekistonning xalqaro turizm bozoridagi raqobatbardoshligini mustahkamlash yo‘lidagi muhim amaliy qadamlardan biri bo‘ldi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/VVqv6Tubzik" title="Зоминда янги туризм нуқтаси" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari