O‘quvchilar Islom sivilizatsiyasi markazida
Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazi uch ming yillik shonli tarix va boy madaniyatning, Yangi O‘zbekiston imkoniyatlarining yorqin ko‘zgusidir. Shu bilan birga, Islom sivilizatsiyasi yoshlarni ezgulik, mehr-oqibat, ilmga intilish va bag‘rikenglik kabi insoniy fazilatlar asosida tarbiyalashga xizmat qiladi. Chunki, haqiqiy ma’rifat insonni yuksaltiradi, uni jamiyatga foydali shaxs bo‘lib kamol topishiga yordam beradi.
Poytaxtimizdagi 295-maktab o‘quvchilari O‘zbekistonda barpo etilgan yirik ma’naviy-ma’rifiy maskanlardan biri — Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi. Mazkur sayohat o‘quvchilar uchun nafaqat qiziqarli ekskursiya, balki tarix, ilm-fan va madaniyat olamiga qilingan o‘ziga xos ma’rifiy safarga aylandi.
Tashrif davomida o‘quvchilar markazda yaratilayotgan keng ko‘lamli ekspozitsiyalar, noyob qo‘lyozmalar, tarixiy manbalar va zamonaviy interaktiv texnologiyalar bilan tanishdi. Ularga Islom sivilizatsiyasining jahon ilm-fani, madaniyati va taraqqiyotiga qo‘shgan ulkan hissasi haqida batafsil ma’lumot berildi.

– Bugungi globallashuv davrida yosh avlodni milliy qadriyatlar, boy tarixiy meros va ma’naviy asoslar ruhida tarbiyalash har qachongidan ham muhim ahamiyat kasb etmoqda, – deydi mazkur maktab o‘qituvchisi Surayyo Imomova. – Ayniqsa, ajdodlarimiz qoldirgan ilmiy-ma’rifiy merosni o‘quvchilarga yaqindan tanitish ularning dunyoqarashi, tarixga munosabati va milliy g‘ururini shakllantirishda muhim o‘rin tutadi. O‘zbekiston azaldan ilm-fan, ma’rifat va madaniyat markazlaridan biri bo‘lib kelgan. Bu muqaddas zaminda Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Bahouddin Naqshband, Ahmad Farg‘oniy, Mirzo Ulug‘bek kabi buyuk allomalar yetishib chiqqan. Ular nafaqat islom ilmlari, balki astronomiya, matematika, tibbiyot va falsafa sohalari rivojiga ham ulkan hissa qo‘shgan. Davlatimiz rahbari O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi nafaqat o‘tmish haqida hikoya qiladigan, balki tarix, bugun va kelajakni bog‘laydigan, taraqqiyotimizning asosiy yo‘nalishlarini belgilab beradigan aql-tafakkur markazi bo‘lishi zarur, deya bejizga ta’kidlab o‘tmagan.
Ekskursiya jarayonida o‘quvchilar markazning me’moriy yechimi, milliy uslub va zamonaviy texnologiyalar uyg‘unligiga ham alohida e’tibor qaratdi. Interaktiv ekranlar, multimedia vositalari va vizual ko‘rgazmalar yoshlarda tarixni zamonaviy yondashuv asosida o‘rganishga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirdi.
Bunday ma’rifiy tashriflar yoshlarni kitobxonlikka, izlanishga va o‘z tarixi bilan faxrlanishga undaydi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA