O‘zbekiston va Xitoy tog‘-kon sohasida hamkorlikni kengaytiradi
Tog‘-kon sanoati va geologiya vaziri Bobur Islomov Xitoyning “State Nuclear Uranium Resource Development Co. Ltd” (SNURDC) kompaniyasi raisi Chi Syuefen boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Unda ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik izchil rivojlanib borayotgani va bu yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun keng imkoniyatlar yaratayotgani qayd etildi.
Muloqot davomida O‘zbekistonda tog‘-kon sanoatini modernizatsiya qilish, sohada amalga oshirilayotgan islohotlar hamda davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari haqida axborot berildi.
“SNURDC” kompaniyasi raisi Chi Syuefen O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarning tizimli va izchil ekanini ta’kidladi. Shu bilan birga, u kompaniyaning mamlakatdagi sheriklari bilan amaliy hamkorlikni yanada kengaytirishga tayyor ekanini ma’lum qildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishdi.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA