O‘zbekiston va Xitoy: ta’lim sohasidagi tashabbuslar samara bermoqda
“Asia Trans Gas” MCHJ QK – “O‘zbekiston-Xitoy” magistral gaz quvurining ekspluatatsiyasi uchun mas’ul bo‘lgan korxona bo‘lib, o‘zbek-xitoy energetik hamkorligining ramzi va modeli sanaladi. 16 yildan buyon “Asia Trans Gas” ta’lim va ma’rifat sohasidagi loyihalarni faol qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Kompaniya o‘qish va tajriba almashish imkoniyatlarini taqdim etib, xodimlar va talabalar orasida bilim va ko‘nikmalarni rivojlantirishga yordam bermoqda.
Kompaniya mamlakatning turli hududlarida maktablarni qo‘llab-quvvatlaydi, maxsus oliy o‘quv yurtlari talabalari uchun o‘quv kurslarini tashkil etadi hamda xodimlar uchun kasbiy o‘sish sharoitlarini yaratadi. Yosh mutaxassislarning ta’limini qo‘llab-quvvatlash va ularning malakasini oshirish nafaqat kompaniya rivojlanishiga hissa qo‘shadi, balki mamlakatning inson kapitalini mustahkamlashda ham muhim ahamiyatga ega. Bu esa O‘zbekistonning barqaror taraqqiyoti va farovonligiga erishish uchun muhim hisoblanadi.

Hamkorlik kelajak rivojiga hissa qo‘shadi
“Asia Trans Gas” o‘z faoliyatini kompaniyaning asosiy tamoyillariga tayanib olib boradi. Ular orasida jamiyat hayotiga ijtimoiy hissa qo‘shish va xodimlarni rivojlantirish asosiy o‘rin tutadi.
Ta’lim va ta’lim olish imkoniyati har bir mamlakatning farovonligi va taraqqiyoti uchun muhim ahamiyatga ega. Shu sababli, kompaniyalar ushbu sohada tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash, ta’limga sarmoya kiritish va hamkorlik uchun imkoniyatlar yaratishga e’tibor berishi lozim. Buning natijasida ta’lim sifati yaxshilanib, jamiyat va biznes uchun foyda keltiruvchi bo‘lajak mutaxassislar tayyorlanadi.

Gaz tashish bo‘yicha yetakchi kompaniya sifatida “Asia Trans Gas” texnik xodimlarni tayyorlash uchun iqtidorli va ta’limda yuqori natijalarga erishgan maxsus oliy o‘quv yurtlari talabalarini ishga qabul qilishga manfaatdor.
Joriy yilda talabalarda kasbiy ko‘nikmalarni rivojlantirish maqsadida korxona Buxoro muhandislik-texnologiya instituti bilan hamkorlik qildi. Institut talabalari uchun kompaniyaning yetakchi mutaxassislari tomonidan xalqaro ISO standartlari bo‘yicha sifat menejmenti tizimi, sog‘liqni saqlash va mehnatni muhofaza qilish, texnika xavfsizligi, sanoat xavfsizligi va atrof-muhitni muhofaza qilish hamda gaz transport qilish sohasidagi ishlab chiqarish jarayonlari bo‘yicha ma’ruzalar o‘tkazildi.
Sarmoyalar besamar ketmaydi
Xodimlarni o‘qitish ularning ishonchini va mustaqilligini oshirishga qaratilgan sarmoyadir. Korxona uchun kadrlarning kasbiy rivojlanishiga qo‘shilgan hissa eng ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi. Doimiy rivojlanish har bir xodimga umumiy maqsadlarga erishishda o‘z rolini ko‘rish va o‘z hissasining qiymatini his qilish imkonini beradi. Natijada, kompaniya nafaqat malakali mutaxassislarni, balki umumiy g‘oyalar bilan ruhlangan yagona jamoani shakllantiradi.
Korxona xodimlarning bilim olishga va kasbiy malakasini oshirishga bo‘lgan intilishini yuqori darajada qadrlaydi. Doimiy o‘z-o‘zini rivojlantirish ishlab chiqarish muammolarini hal qilish, hamkasblarni qo‘llab-quvvatlash va yosh mutaxassislarga bilimlarni yetkazishda yordam beradi.

– Korxonada 2010 yildan buyon ishlab kelmoqdaman, – deydi WKC2/GCS kompressor stansiyalari mintaqaviy menejerining birinchi o‘rinbosari Zamir Mamedov. – Faoliyatimni muhandis-mexanik lavozimidan boshlab, 14 yil mobaynida birinchi o‘rinbosar darajasigacha yetib keldim. Toshkent politexnika universitetida “Magistral gaz quvurlarini loyihalash va ekspluatatsiya qilish” yo‘nalishi bo‘yicha olgan bilimim va “Neft va gaz sanoatida mashinalar va jihozlar” yo‘nalishidagi magistrlik darajam mening kasbiy o‘sishim uchun mustahkam asos bo‘ldi. Uzluksiz ta’limni qo‘llab-quvvatlab, mustaqil ta’lim olish usulini ishlab chiqdim va unga har kuni 30 daqiqa vaqt ajrataman. Ushbu usul bo‘yicha 13 yo‘nalishda ishlayman. Xorijiy tillarni o‘rganaman, har oy kamida 1 ta kitob o‘qiyman. Men ishonamanki, doimiy malaka oshirish, yangi bilim va tajribalar o‘ziga bo‘lgan ishonchni mustahkamlaydi va o‘z fikrini himoya qilishga yordam beradi.
Korxona yetakchi o‘quv yurtlari, texnologik uskunalar ishlab chiqaruvchilarning trening markazlari va Yevropa, AQSH hamda Xitoydagi ilmiy laboratoriyalar bilan hamkorlik qilib, xodimlarining malakasini oshirish, bilimlarini kengaytirish va ilg‘or texnologiyalarni joriy etish maqsadida xodimlar uchun o‘quv dasturlarini tashkil etadi. Bularning barchasi kompaniya rivojlanishi va ish samaradorligining oshishiga xizmat qiladi.

Korxonaning xitoylik xodimlari ham o‘z bilimlarini O‘zbekistondagi oliy o‘quv yurtlarida davom ettirishni tanlashmoqda. Bugungi kunga qadar olti nafar xodim magistr va doktorlik darajasini qo‘lga kiritgan.
– Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida “Xalqaro munosabatlarning siyosiy muammolari” yo‘nalishi bo‘yicha doktorlik darajasini oldim, – deydi markaziy buxgalteriya bo‘limining kapital xarajatlar va investitsiyalar hisobi bo‘yicha katta mutaxassisi Chjan Pen. – Mening uchun O‘zbekistonda o‘qish eng maqbul tanlov bo‘ldi. Chunki bu menga professional faoliyatni va ta’lim olishni birga olib borish imkonini berdi. O‘zbekistonda yuqori malakali o‘qituvchilarga ega bo‘lgan bir qator nufuzli universitetlar mavjud bo‘lib, ular yangi bilimlarni olish uchun ajoyib sharoitlarni taqdim etadi.
Korxona ta’lim va xodimlarning professional rivojlanishiga kiritilayotgan sarmoyalar nafaqat korporativ javobgarlik, balki barqaror o‘sish va innovatsiyalarni ta’minlaydigan strategik qadriyat ekanligini namoyish etadi. O‘qitish va mutaxassislarning malakasini oshirishga yo‘naltirilgan sa’y-harakatlar O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi energetik hamkorlikni rivojlantirishga hissa qo‘shmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.