O‘zbekiston va Ummon ekologik muammolarga qarshi birga kurashadi
Iqlim o‘zgarishi, suv tanqisligi va cho‘llanish kabi muammolar geografik chegara tanlamaydi.
Qurg‘oqchil hududlarga ega O‘zbekiston va Ummon ham bu borada o‘xshash chaqiriqlarga duch kelmoqda. Endi ikki davlat ekologik muammolarga qarshi kurashda bir-birining tajribasidan foydalanishni maqsad qilmoqda.
Ummonda o‘tayotgan “Oman Climate Week 2026” iqlim haftaligi doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi Ummon Atrof-muhit boshqarmasi raisi doktor Abdulloh bin Ali al-Amri bilan uchrashdi. Muloqotda ikki mamlakat o‘rtasida iqlim va ekologiya sohasidagi amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvda O‘zbekiston va Ummonni bir qator umumiy ekologik muammolar birlashtirishi qayd etildi. Jumladan, suv tanqisligi, qurg‘oqchil hududlar, yuqori harorat va iqtisodiyotni dekarbonizatsiya qilish zarurati shular jumlasidandir.
Tomonlar “Ummon-2040” konsepsiyasi va “O‘zbekiston-2030” strategiyasida ham tabiiy resurslarni asrash bilan birga iqtisodiy o‘sishni ta’minlash masalasi muhim o‘rin tutishini ta’kidladi.
Muloqotda suv resurslaridan samarali foydalanishga alohida e’tibor qaratildi. O‘zbekiston tomoni Ummonning suvni tuzsizlantirish, yer osti suvlarini to‘ldirish hamda suv resurslarini integratsiyalashgan holda boshqarish borasidagi tajribasiga qiziqish bildirdi. Xususan, Doxiliya viloyatida yer osti suvlaridan sug‘orish maqsadida foydalanish amaliyoti O‘zbekiston uchun ham qiziqish uyg‘otdi.
Shu asosda tuzsizlantirish, sho‘r suvlardan foydalanish, oqova suvlarni tozalash va qayta ishlatish bo‘yicha O‘zbekiston–Ummon ekspertlar muloqotini yo‘lga qo‘yish taklif etildi.
Hamkorlikning yana bir muhim yo‘nalishi — cho‘llanishga qarshi kurashdan iborat.
O‘zbekistonda erta ogohlantirish salohiyatiga ega maxsus markaz tashkil etish rejalashtirilmoqda. Bu borada Ummon tajribasidan foydalanish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Bundan tashqari, O‘zbekistonda tashkil etilishi rejalashtirilayotgan Markaziy Osiyo biosho‘r dehqonchilik va iqlimga chidamlilik markaziga Ummon tomonini jalb etish masalasi ko‘rib chiqildi.
Iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashda yoshlarning ishtiroki ham e’tibordan chetda qolmadi.
Ummonning yoshlar iqlim platformalari bilan “Green University” Iqlim rezidenturasi dasturi o‘rtasida hamkorlik o‘rnatish, qo‘shma tadqiqotlar o‘tkazish va talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish taklif etildi. Bu tashabbuslar yoshlarni nafaqat ekologik loyihalarga jalb qilish, balki kelajakda iqlim sohasidagi mutaxassislar o‘rtasida xalqaro hamkorlik tarmog‘ini shakllantirishga xizmat qilishi mumkin.
Uchrashuvda O‘zbekistonda so‘nggi yillarda ekologik boshqaruv tizimi kuchaytirilgani, Parij bitimi doirasida uchinchi milliy hissa — NDC taqdim etilgani haqida ma’lumot berildi.
Shuningdek, 2035-yilga qadar yalpi ichki mahsulotning uglerod sig‘imini 2010-yilga nisbatan 50 foizga kamaytirish va 2055-yilga borib uglerod betarafligiga erishish maqsadlari qayd etildi.
O‘zbekistonning Global metan majburiyatiga qo‘shilgani, 2025-yilda uglerod savdosi hamda Parij bitimining 6-moddasi mexanizmlari bo‘yicha milliy tizim yaratilgani ham ta’kidlandi. Bundan tashqari, 2026-yil iyun oyida Samarqandda Global ekologik jamg‘armaning VIII Assambleyasi muvaffaqiyatli o‘tkazilgani va Toshkent xalqaro moliya markazi tashkil etilgani ma’lum qilindi.
Uchrashuv yakunida Ummon tomoni 2027-yil 15–17-iyun kunlari Toshkentda o‘tkaziladigan “Eco Expo Central Asia 2027” ko‘rgazmasiga taklif qilindi. Ko‘rgazmada yashil moliya, ekoturizm, toza texnologiyalar, ekologik ta’lim, o‘rmonlashtirish, “yashil” transport va qayta tiklanuvchi energetika kabi yo‘nalishlar qamrab olinadi.
Tomonlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Ummonga tashrifi ikki mamlakat munosabatlarida muhim bosqich bo‘lishini qayd etdi. Ekologiya sohasida hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolanishi esa mavjud muloqotni aniq amaliy loyihalar bilan boyitishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
O‘zbekiston va Ummon ekologik muammolarni bir-biridan alohida emas, balki tajriba, texnologiya va bilim almashinuvi orqali birgalikda hal etishga harakat qilmoqda.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA