O‘zbekiston va Tailand kompaniyasi o‘rtasida investitsiyaviy hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi
Qishloq xo‘jaligi vazirligi mutasaddilari Tailandning Charoen Pokphand Foods Public Company Ltd. (CPF) kompaniyasining Rossiyadagi vakolatxonasi bosh direktori Bureye Srina boshchiligidagi delegatsiya a’zolari bilan uchrashdi.
Muloqotda qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoati sohalarida investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish, mavjud imkoniyatlarni o‘rganish hamda qo‘shma investitsiya loyihalarini ishlab chiqish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv avvalida CPF kompaniyasi, uning asosiy faoliyat yo‘nalishlari, agrosanoat va oziq-ovqat sohalaridagi tajribasi, xalqaro faoliyati hamda investitsiya loyihalari haqida ma’lumot berildi. Shuningdek, kompaniyaning Rossiyadagi parrandachilik fabrikasi faoliyatiga bag‘ishlangan taqdimot namoyish etildi.
Muloqotda hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari sifatida chorva mollari va parrandalar uchun ozuqa ishlab chiqarish, parrandachilik va chorvachilikni rivojlantirish, zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnologiyalarini joriy etish, shuningdek, biologik xavfsizlik texnologiyalari va tizimlarini tatbiq qilish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuv yakunida istiqbolli loyihalarni aniqlash, hamkorlik shakllarini belgilash, investitsiya hajmi va zarur resurslarni baholash hamda loyihalarni tayyorlash yuzasidan fikr almashildi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA