O‘zbekiston va Slovakiya qishloq xo‘jaligida yangi hamkorlik imkoniyatlarini ko‘rib chiqdi
Qishloq xo‘jaligida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, ilg‘or tajriba va zamonaviy texnologiyalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish soha samaradorligini oshirishda muhim ahamiyatga ega.
O‘zbekiston–Slovakiya Hukumatlararo komissiyasining ikkinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi delegatsiyasi ham ishtirok etdi. Yig‘ilish doirasida Slovakiya Qishloq xo‘jaligi va qishloq taraqqiyoti vazirligi bilan hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari ko‘rib chiqildi.
Muzokaralarda soha mutaxassislarining malakasini oshirish, ilmiy aloqalarni rivojlantirish va ilg‘or tajribalarni almashish masalalariga alohida e’tibor qaratildi, deyiladi Qishloq xo‘jaligi vazirligi ma’lumotida.
Shuningdek, o‘simliklar karantini sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari o‘zaro savdo hajmini oshirish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.
Hamkorlikni amaliy loyihalar bilan mustahkamlash maqsadida 2027-yilda O‘zbekiston–Slovakiya biznes-forumini tashkil etish tashabbusi ilgari surildi. Ushbu forum ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish, investitsiyalarni jalb qilish va o‘zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Uchrashuv agrar sohadagi savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish va ikki tomonlama hamkorlikni yangi yo‘nalishlarda kengaytirish uchun muhim muloqot maydoni bo‘ldi.
M. Hojiakbarova, O‘zA