Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi delegatsiyasi AFDA Sifat nazorati laboratoriyasi faoliyati bilan tanishdi
Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi delegatsiyasining Afg‘oniston Islom Amirligiga amalga oshirayotgan xizmat safari doirasida Afghanistan Food and Drug Authority (AFDA) huzuridagi Sifat nazorati laboratoriyasi rahbariyati hamda laboratoriya bo‘linmalari mas’ullari bilan ishchi uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida AFDA mutaxassislari laboratoriyalar faoliyati, ularning texnik salohiyati, dori vositalari sifatini nazorat qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar hamda laboratoriya tizimini yanada takomillashtirishning ustuvor yo‘nalishlari yuzasidan taqdimot o‘tkazdi.
Muloqot chog‘ida laboratoriya mutaxassislarini tayyorlash va malakasini oshirish, zamonaviy laboratoriya infratuzilmasini rivojlantirish, xalqaro sifat standartlarini joriy etish, laboratoriya faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan qo‘shma tadbirlarni tashkil etish, shuningdek, tajriba almashish va ekspertlik hamkorligini kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.
Xizmat safari doirasida Markaz direktori o‘rinbosari Mirzohidjon Qodirov boshchiligidagi delegatsiya vakillari AFDA laboratoriyalarining moddiy-texnik bazasi, zamonaviy uskunalar bilan ta’minlanganlik darajasi hamda dori vositalari sifatini nazorat qilish bo‘yicha olib borilayotgan laboratoriya sinovlari bilan yaqindan tanishdi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi va AFDA o‘rtasida amaliy hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini belgilovchi Qo‘shma harakatlar rejasini tayyorlashga kelishib olindi.
Ayni kunlarda davom etayotgan xizmat safari doirasida farmatsevtika mahsulotlatlarini davlat tomonidan tartibga solish, sifat nazorati va xavfsizligini ta’minlash sohalarida ikki tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlashga qaratilgan qator uchrashuvlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, yaqinda Afg‘oniston delegatsiyasining Toshkentga tashrifi doirasida Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi va AFDA o‘rtasida hamkorlik istiqbollari muhokama qilingan edi. Unda Markaz direktori Alisher Temirov boshchiligidagi mutaxassislar hamda AFDA raisi Zahid Hamdullah boshchiligidagi delegatsiya vakillari o‘zaro hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini muhokama qilgandi.
Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasida sog‘liqni saqlash hamda farmatsevtika sohalarida hamkorlikni yanada rivojlantirish, tartibga solish tizimlarini takomillashtirish va aholini sifatli, xavfsiz hamda samarali dori vositalari bilan ta’minlash yo‘lidagi hamkorlik muhim ahamiyatga ega.
Uchrashuv davomida Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazining faoliyati, tashkiliy tuzilmasi, dori vositalari va tibbiy buyumlarni davlat tomonidan tartibga solish tizimi, zamonaviy sifat nazorati laboratoriyalari, sifat menejmenti tizimi hamda xalqaro hamkorlik yo‘nalishlarida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan batafsil taqdimot o‘tkazilgan edi.
Shuningdek, AFDA nazorat laboratoriyalarining texnik salohiyatini mustahkamlash masalalari muhokama qilinib, Markaz mutaxassislari tomonidan Afg‘onistonda texnik audit o‘tkazish, laboratoriyalarning mavjud infratuzilmasi va tahliliy imkoniyatlarini baholash hamda baholash natijalari asosida zarur laboratoriya uskunalari ro‘yxatini shakllantirish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish yuzasidan fikr almashilgandi.
Tomonlar Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi laboratoriyalarini Afg‘oniston bozori uchun mo‘ljallangan dori vositalari va tibbiy jihozlar sifatini nazorat qilish bo‘yicha referens laboratoriyalar sifatida belgilashga oid Bitim loyihasini ham muhokama qilgan edi.
Uchrashuvda tartibga solish yo‘nalishidagi hamkorlikni kengaytirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratilib, dori vositalari va tibbiy jihozlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bo‘yicha mas’ul vakillarni belgilash, regulyator axborotlari va normativ-huquqiy hujjatlar bilan muntazam almashish mexanizmini yaratish, farmakonazorat tizimi hamda dori vositalarining nojo‘ya reaksiyalariga oid ma’lumotlar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, shuningdek, ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonlarini soddalashtirish yuzasidan muntazam texnik maslahatlashuvlar o‘tkazish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Mohigul Qosimova, O‘zA