O‘zbekiston va Qirg‘iziston: Yoshlar parlamentlari hamkorligi yangi bosqichda
Markaziy Osiyo xaritasida yonma-yon joylashgan O‘zbekiston va Qirg‘izistonni nafaqat chegara, balki asrlar sinovidan o‘tgan tarixiy va madaniy mushtaraklik, yagona til, urf-odat hamda samimiy do‘stlik rishtasi bog‘lab turadi. Farg‘ona vodiysi, Andijon, O‘sh, Jalolobod kabi chegara hududlarda shakllangan azaliy qo‘shnichilik an’anasi bugungi zamonaviy davlatlar aro aloqa uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qilmoqda.

1993-yil o‘rnatilgan diplomatik munosabat vaqt o‘tishi bilan yangi mazmun bilan boyidi. Aloqalarning mantiqiy davomi sifatida 2023-yil boshida ikki mamlakat rahbarlari tomonidan imzolangan Har tomonlama strategik sheriklik to‘g‘risidagi deklaratsiya siyosiy, iqtisodiy va madaniy sohalardagi hamkorlikka keng yo‘l ochdi. 2025-yil martida Xo‘jandda uch mamlakat rahbarlari tomonidan chegaralar tutash nuqtasi bo‘yicha tarixiy bitim tasdiqlanishi davlatlar aro ishonchning yana bir yorqin isbotidir. Mazkur kelishuv mintaqada tinchlik va barqarorlikni ta’minlashda hal qiluvchi ahamiyat kasb etdi.
Oliy darajali muloqot izchillik bilan davom etmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2026-yil iyul-avgust oylarida Qirg‘izistonga amalga oshirgan davlat tashrifi va Cho‘lponotadagi muzokara savdo, sanoat kooperatsiyasi hamda transport-logistika loyihalarini yangi bosqichga olib chiqdi. Bugungi kungacha shakllangan 260 dan ziyod huquqiy hujjat har tomonlama taraqqiyotga xizmat qilmoqda.
2025-yil tovar ayirboshlash 37 foiz o‘sib, 1,2 milliard dollarga yaqinlashdi. Joriy yil birinchi chorakda ham ijobiy sur’at saqlanib, o‘zaro savdo 221,6 million dollarni tashkil etdi. Shuningdek, ikki mamlakatda yuzlab qo‘shma korxona muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.

Madaniy-gumanitar sohada ham ikki xalq tobora jipslashmoqda. O‘zbekistonda 300 000 dan ko‘p qirg‘iz millatiga mansub fuqaro istiqomat qiladi. Ular uchun madaniy markazlar, qirg‘iz tilidagi maktablar ochilgan. Qirg‘iziston oliy o‘quv yurtlarida minglab o‘zbekistonlik yosh ta’lim olmoqda. Bunday serqirra hamkorlikni yanada mustahkamlashda parlament diplomatiyasi va yoshlarning o‘rni beqiyos. Ayni yo‘nalishdagi tizimli ishlar debochasi sifatida 2026-yil may oyida Toshkentda o‘tkazilgan birinchi forumda ikki mamlakat yoshlar parlamentlari o‘rtasida hamkorlik bitimi imzolangan.

Ushbu tashabbusning mantiqiy davomi sifatida 2026-yil 10-12-avgust kunlari go‘zal Issiqko‘l bag‘rida O‘zbekiston va Qirg‘iziston yosh parlamentariylari ikkinchi forumi bo‘lib o‘tdi. Anjumanning asosiy maqsadi parlament diplomatiyasida yoshlar yo‘nalishini rivojlantirish, qonun ijodkorligi sohasida tajriba almashish va uzoq muddatli sheriklik platformasini shakllantirishdan iborat.
Muhim muloqot maydonida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Yoshlar masalalari bo‘yicha komissiyasi va Yoshlar parlamenti a’zolari, Qirg‘iz Respublikasi Jogorku Keneshi deputatlari, Yoshlar Kengashi vakillari, ekspertlar hamda xalqaro hamkorlar jam bo‘ldi. Jogorku Kenesh Torag‘asi Marlen Mamataliyev tabrik so‘zi bilan ishtirok etdi.

Bugungi global o‘zgarishlar, raqamli transformatsiya, sun’iy intellekt, iqlim o‘zgarishi va mehnat bozoridagi yangi tendensiyalar sharoitida yoshlarni davlat boshqaruvi va qonun ijodkorligiga jalb etish kelajak uchun eng muhim sarmoyadir. Issiqko‘ldagi anjumanda yosh parlamentariylar qonun ijodkorligi, parlament nazorati, raqamli transformatsiya va zamonaviy chaqiriqlar bo‘yicha atroflicha fikr almashdi. Muloqotlar dolzarb masalalarni muhokama qilish barobarida ertangi kun tartibini belgilab olishga ham xizmat qiladi.
Mazkur forum ikki xalq do‘stligi yangi avlod vakillari tomonidan munosib davom ettirilayotganiga yorqin misoldir. Issiqko‘lda yo‘lga qo‘yilgan muloqot maydoni oddiy xalqaro tadbir emas, balki tinch, barqaror va farovon Markaziy Osiyoni barpo etishga hissa qo‘shadigan muhim siyosiy-diplomatik tashabbusdir.
Fardona Yaxshiboyeva, O‘zA