O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasida mahkumlarni topshirishga oid hujjat ratifikatsiya qilinmoqda
Senat yalpi majlisida «O‘zbekiston Respublikasi bilan Pokiston Islom Respublikasi o‘rtasida mahkumlarni topshirish to‘g‘risidagi Bitimni (Islomobod, 2026-yil 5-fevral) ratifikatsiya qilish haqida»gi qonun muhokama qilindi.
Mazkur Bitim qoidalariga muvofiq, O‘zbekiston va Pokiston ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazoni o‘tayotgan mahkumlarni jazoning qolgan qismini fuqarosi bo‘lgan davlatida o‘tashi uchun topshirish masalalarida o‘zaro hamkorlikni amalga oshiradi.
– Hujjatda mahkumni topshirish shartlari, rad etish asoslari, markaziy organlar, so‘rovning shakli va mazmuni, jazoni ijro etish jarayonlari, tranzit olib o‘tish hamda xarajatlarni qoplash tartibi aniq belgilangan, - dedi Senat a’zosi Jamila Bobonazarova. – Qonunning qabul qilinishi chet elda jazo o‘tayotgan fuqarolarimizning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ijtimoiy reabilitatsiya qilish imkoniyatlarini kengaytiradi hamda ikki davlat o‘rtasidagi huquqiy hamkorlikni yanada rivojlantirish, insonparvarlik tamoyillarini amalda ta’minlash hamda jazoni ijro etish sohasidagi xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Muhokama yakunida senatorlar qonunni ma’qulladi.
N.Abduraimova, O‘zA