Senatda “Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risida”gi qonun rad etildi
Senat yalpi majlisida “Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi.
Qayd etilganidek, qonunning asosiy maqsadi – ma’muriy organlar faoliyatida yagona huquqiy standartlarni belgilash va aholiga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirishdan iborat.
– Qonunda bir qator ijobiy va zarur normalar o‘z aksini topgan, - dedi Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Abdulhakim Eshmurodov. – Xususan, ma’muriy tartib-taomillarning muhim prinsiplari, dalillarni to‘plash, ma’muriy aktlarni qabul qilish va ijro etish bosqichlari mustahkamlangani davlat organlari faoliyati qonuniyligining protsessual kafolatlarini va fuqarolarning huquqlarini ta’minlashga xizmat qiladi. Shu bilan birga, qonunda amaliyotda qo‘llashda qiyinchiliklar tug‘dirishi mumkin bo‘lgan ayrim tizimli huquqiy muammolar, kamchiliklar, bo‘shliqlar mavjud. Ayrim tushunchalar ham noaniq.

Qonundagi ayrim normalar amaldagi boshqa qonunchilik hujjatlariga to‘liq moslashtirilmagan. Masalan, qonunda ma’muriy aktlar ustidan sudga qadar shikoyat qilish sudda nizolashishning majburiy sharti etib belgilanmoqda. Biroq, Konstitutsiyaning 55-moddasida har kimga o‘z huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish, davlat organlarining hamda boshqa tashkilotlarning, ular mansabdor shaxslarining qonunga xilof qarorlari, harakatlari va harakatsizligi ustidan sudga shikoyat qilish huquqi kafolatlangan. Bu esa ijro jarayonida turlicha talqin qilish va huquqni qo‘llash amaliyotida chalkashliklarni keltirib chiqarish xavfini tug‘diradi.
Ma’muriy organlar tomonidan qarorlar qabul qilish va ularni shikoyat qilish tartiblari aniq va mukammal belgilanmagani sababli ushbu normalar amaliyotda fuqarolar manfaatlarini to‘liq himoya qila olmasligi mumkin.
Qonunda ayrim talablarni mahalliy darajadagi davlat organlari tomonidan to‘liq bajarish uchun tashkiliy-huquqiy va infratuzilmaviy sharoitlar yetarli darajada baholanmagan.
Senatorlarning ta’kidlashicha, ma’muriy tartib-taomillarni tartibga soluvchi qonun to‘liq va mukammal bo‘lishi, jamiyatda byurokratiyani qisqartirishga va fuqarolar huquqlarini haqiqatda himoya qilishga xizmat qilishi shart.
Muhokama yakunida Senat a’zolari qonunni taqdim qilingan tahrirda ma’qullash maqsadga muvofiq emas, degan xulosaga kelib, uni rad etdi.
N.Abduraimova, O‘zA