Markaziy Osiyo – Xitoy munosabatlarini rivojlantirishga xizmat qiluvchi muhim xalqaro hujjat
Senat yalpi majlisida “Qozog‘iston Respublikasi, Qirg‘iz Respublikasi, Tojikiston Respublikasi, Turkmaniston, O‘zbekiston Respublikasi va Xitoy Xalq Respublikasi o‘rtasida abadiy yaxshi qo‘shnichilik, do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi Shartnomani (Ostona, 2025-yil 17-iyun) ratifikatsiya qilish haqida”gi qonun ko‘rib chiqildi.
Mazkur Shartnoma “Markaziy Osiyo - Xitoy” formati doirasida imzolangan birinchi ko‘p tomonlama xalqaro shartnoma hisoblanib, mintaqa davlatlari va Xitoy o‘rtasidagi uzoq muddatli hamkorlikning huquqiy asoslarini belgilab beradi.

– Shartnomada davlatlarning suveren tengligi, hududiy yaxlitligi, ichki ishlarga aralashmaslik, kuch ishlatmaslik va nizolarni tinch yo‘l bilan hal etish tamoyillari asosida strategik sheriklik munosabatlarini rivojlantirish nazarda tutilgan, - dedi Senat a’zosi Mahmudjon Toirov. – Hujjatda siyosiy muloqot mexanizmlarini kengaytirish, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish, transport-kommunikatsiya aloqalarini kuchaytirish, energetika, sanoat kooperatsiyasi, raqamli texnologiyalar, “yashil” taraqqiyot va gumanitar sohalardagi hamkorlikni chuqurlashtirish belgilangan.
Shartnomaning amalga oshirilishi Xitoy - Qirg‘iziston - O‘zbekiston temir yo‘lini barpo etish, transport yo‘laklarini rivojlantirish, logistika infratuzilmasini modernizatsiya qilish, “Elektron ipak yo‘li” savdo platformasini rivojlantirish kabi muhim loyihalar uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.

Senatorlarning fikricha, qonun O‘zbekistonning Markaziy Osiyo va Xitoy o‘rtasidagi hamkorlik jarayonlaridagi ishtirokini faollashtirish, investitsiyalarni jalb qilish, eksport va tranzit salohiyatini oshirish, mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash hamda xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro anglashuvni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Muhokamalardan keyin qonun ma’qullandi.
N.Abduraimova,
N.Haydarov (surat), O‘zA