O‘zbekiston va Malayziya oziq-ovqat xavfsizligida hamkorlikni kuchaytiradi
Oziq-ovqat xavfsizligi, xalqaro standartlar va laboratoriya salohiyatini oshirish masalalari ko‘rib chiqildi
O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligida Malaysia Palm Oil Council (MPOC) delegatsiyasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muloqotda Agentlik direktori o‘rinbosari Jo‘rabek Shakarov hamda MPOC delegatsiyasi vakillari ishtirok etdi. Uchrashuv davomida oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini ta’minlash, xalqaro standartlarni ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish, shuningdek, mahsulotlar sifati va xavfsizligini baholash tizimini takomillashtirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Ta’kidlanganidek, zamonaviy bozor sharoitida mahsulot sifati va xavfsizligini ta’minlash nafaqat iste’molchilar huquqlarini himoya qilish, balki tashqi savdoni rivojlantirish va xalqaro bozorlarga chiqish uchun ham muhim ahamiyatga ega.
Uchrashuv doirasida MPOC delegatsiyasi Agentlik tizimidagi zamonaviy sinov laboratoriyalari faoliyati bilan tanishdi. Xorijiy mehmonlarga yuqori aniqlikdagi sinov uskunalari, mahsulotlarni xalqaro talablar asosida tekshirish, ularning sifat va xavfsizlik ko‘rsatkichlarini baholash hamda muvofiqligini aniqlash jarayonlari haqida ma’lumot berildi.
Laboratoriya salohiyatining yuqori darajada bo‘lishi mahsulotlarni ishonchli va xolis baholash, texnik reglamentlar talablariga rioya etilishini ta’minlash hamda milliy mahsulotlarning xalqaro bozorlarda raqobatbardoshligini oshirishda muhim omil hisoblanadi.
Muzokaralar davomida texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, muvofiqlikni baholash va laboratoriya sinovlari sohalarida tajriba almashish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, mutaxassislar malakasini oshirish, qo‘shma seminar va o‘quv dasturlarini tashkil etish, sohadagi ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish hamda ikki tomonlama amaliy hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Bunday hamkorlik texnik jihatdan tartibga solish tizimida zamonaviy yondashuvlarni joriy etish, mutaxassislar salohiyatini oshirish va mahsulotlarni baholash jarayonlarining xalqaro mezonlarga muvofiqligini ta’minlashga xizmat qilishi mumkin.
Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlikni yanada kengaytirish, o‘zaro manfaatli qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va tajriba almashinuvini izchil davom ettirishga tayyor ekanliklarini bildirdi.
Umuman, O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasida texnik jihatdan tartibga solish hamda oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi sohalaridagi hamkorlikning rivojlanishi mahsulotlar sifatini oshirish, zamonaviy sinov mexanizmlarini takomillashtirish va xalqaro standartlarni milliy amaliyotga kengroq joriy etish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.
Sh.Mamaturopova, O‘zA