Qurilishlar – qudratimiz timsoli
Qurilishlar davlatning iqtisodiy qudrati, xalqning farovonligini namoyon etadi. Har qanday davlat avvalo xalqning xavfsizligi, eng muhim hayotiy ehtiyojlarini ta’minlagandan keyingina qurilishlarga mablag‘ yo‘naltiradi, farovonlikni oshirishga e’tibor qaratadi. Bugun mamlakatimizda ham iqtisodiyotning barqaror rivojlanishi ta’minlanib, xalqimizning turmush darajasini oshirish, zamonaviy va har tomonlama qulay sharoitda yashashi, mehnat qilishi, dam olishi uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda.
Samarqand viloyatida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli qurilish ishlari ham Yangi O‘zbekistondagi bunyodkorliklikning yorqin namunasidir.

– Joriy yilda viloyatimizdagi qariyb 1,5 mingta ob’ekt uchun respublika byudjeti hisobidan 6,9 trillion so‘m mablag‘ ajratildi, – deydi Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari Navro‘z Rahmonov. – Tarixda viloyatimizga bunchalik katta mablag‘ ajratilmagan. Bu mablag‘lar hisobidan ijtimoiy va muhandislik infratuzilmalarini qurish hamda ta’mirlash ishlari jadal sur’atlarda davom etmoqda. Bugungi kunga qadar ob’ektlarning barchasida qurilish-montaj ishlari boshlanib, 4,1 trillion so‘m mablag‘ o‘zlashtirildi, 4,5 trillion so‘mlik qurilish-ta’mirlash ishlari bajarildi va 225 ta ob’ekt foydalanishga topshirildi.

Birgina ijtimoiy sohada 139 ta maktab, 66 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti, 127 ta tibbiyot muassasasi hamda 5 ta oliy ta’lim muassasasida qurilish va rekonstruksiya ishlari olib borilayotgani yurtimizda yosh avlod ta’lim-tarbiyasi va xalqimiz salomatligiga juda katta e’tibor ko‘rsatilayotganining ifodasidir. Yangi qurilayotgan va rekonstruksiya qilinayotgan maktablar hisobidan bu yil 65,5 mingta qo‘shimcha o‘quv o‘rni tashkil etiladi. Bu esa 83 ta maktabda navbatlilik koeffitsiyentini 2 dan 1,1 gacha tushirish imkonini beradi hamda shu bilan viloyatda 2 koeffitsiyentdan yuqori yuklamaga ega maktablar qolmaydi. Shuningdek, 10 ta mahallada ilk bor davlat maktabgacha ta’lim muassasalari barpo etilib, bolajonlar uchun yana 8840 ta o‘rin yaratiladi.

Aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash ham ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi. Shu maqsadda bu yil tuman va shaharlarda 174 ta suv inshooti, 1435 kilometr tarmoq qurilmoqda. Hozirga qadar 69 ta suv inshooti hamda 793,1 kilometr ichimlik va oqova suv tarmoqlari barpo etildi. Yil yakuniga qadar 57 mahallada istiqomat qiluvchi 82 ming nafar aholi ilk bor markazlashgan ichimlik suv tarmog‘iga ulanadi va natijada 57 ming nafar aholining suv ta’minoti yaxshilanadi.
Yo‘l infratuzilmasini yaxshilash maqsadida yilning yetti oyida 872,7 kilometr avtomobil yo‘li ta’mirlanib, rekonstruksiya qilindi. Ikkita yangi ko‘prik qurilib, foydalanishga topshirildi. M-39 avtomobil yo‘lida yangi tonnel qurilishi tufayli sutkasiga 65–70 ming transport vositasining harakat vaqti sezilarli qisqaradi va o‘rtacha harakat tezligi oshadi. Shuningdek, 4R-48 avtomobil yo‘lini rekonstruksiya qilish orqali bir nechta tumanlar o‘rtasidagi masofa 14 kilometrga qisqaradi. Transport vositalari va piyodalarning xavfsiz harakatlanishi uchun Narpay, Oqdaryo va Ishtixon tumanlarida 4 ta yer osti va yer usti piyodalar o‘tish joylari qurilmoqda. Urgut tumanida 5 ta ko‘prikda rekonstruksiya ishlari olib borilmoqda.

Viloyatdagi “og‘ir toifa”dagi mahallalarda aholi uchun qulay sharoit yaratish, mazkur hududlar infratuzilmasini yaxshilash maqsadida 35,6 kilometr umumfoydalanishdagi, 79,2 kilometr ichki yo‘llar, 8 kilometr gaz tarmoqlari ta’mirlanmoqda. 270 kilometr elektr kabellari, 115 kilometr ichimlik suv tarmog‘i tortilmoqda. Shuningdek, 6,9 kilometr piyodalar yo‘laklari, 5 ta ko‘prik, 14 ta suv inshooti qurilishiga kirishilgan, 57 ta transformator punkti o‘rnatiladi.

Viloyat qurilish sohasida xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlik ham yangi bosqichga ko‘tarildi. Bugungi kunda Abu-Dabi taraqqiyot jamg‘armasining 240 million AQSH dollari kredit mablag‘lari hisobidan Samarqand shahrida 96 ta ob’ektda qurilish ishlari amalga oshirilmoqda. Jahon banki ishtirokida Kattaqo‘rg‘on shahrida ichimlik va oqova suv tizimlari to‘liq yangilanmoqda. Buning uchun 66 million AQSH dollari miqdorida mablag‘ yo‘naltirilgan. Loyihalar yakunlangach, shaharda ichimlik suvi bilan ta’minlash darajasi 71 foizdan 91 foizga, markazlashgan oqova tizimi bilan qamrov esa 30 foizdan 72 foizga oshadi.
Bugun yurtimizning boshqa hududlarida bo‘lgani singari Samarqandda ham uy-joy qurilishi jadal sur’atlarda davom etmoqda. Hozirda viloyatda 52 ming xonadonli 872 ta ko‘p qavatli uy-joylarda qurilish ishlari olib borilmoqda. Joriy yilda 12 ming xonadonli 200 ta uy-joyni foydalanishga topshirish rejalashtirilgan. Shu paytgacha bu ob’ektlarda qurilish ishlari 75 foizga bajarilgan. “Yangi O‘zbekiston” massivlari soni to‘rttadan oltitaga yetkazilib, ularning umumiy maydoni 1176 gektarni tashkil etmoqda.

Samarqand shahrining temiryo‘l orti hududida 300 gektar maydonda amalga oshirilayotgan renovatsiya loyihasi ham viloyatdagi eng yirik bunyodkorlik ishlaridan biri hisoblanadi. Bu yerda kelgusida 100 ming aholi yashashi mumkin bo‘lgan zamonaviy turar joylar va ijtimoiy ob’ektlar barpo etiladi.
G‘olib Hasanov, O‘zA muxbiri