Markaziy bank murojaatlar bo‘yicha eng salbiy ko‘rsatkichga ega 10 ta bankni e’lon qildi
Markaziy bank 2026-yilning II choragi yakunlari bo‘yicha banklar faoliyati yuzasidan kelib tushgan murojaatlar tahlili va «murojaatlar indeksi» natijalarini e’lon qildi.
Unga ko‘ra, aprel–iyun oylarida Markaziy bankka to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamda boshqa davlat organlari orqali banklar faoliyati yuzasidan 11 331 ta murojaat kelib tushgan.
Tahlilga ko‘ra, birinchi chorakdagi «TOP-10» tarkibidan yetti bank o‘z o‘rnini saqlab qolgan. Davr Bank, Tenge Bank va Agrobank ro‘yxatdan chiqib, ularning o‘rnini Infinbank, Ipoteka-bank va Kapitalbank egallagan. II chorakda indeks bo‘yicha eng katta o‘zgarish AVO Bankda kuzatilgan. Bankning ko‘rsatkichi birinchi chorakdagi 2,16 dan 4,42 gacha oshib, qariyb 2,05 barobarga ko‘tarilgan. Shu tariqa, AVO Bank «o‘ntalik»dagi eng yuqori indeksni qayd etgan.
TBC Bankda indeks 2,06 dan 2,63 gacha oshib, bank beshinchi o‘rindan to‘rtinchi o‘ringa ko‘tarilgan. Turonbankda ko‘rsatkich 1,25 dan 1,46 gacha, Asakabankda esa 1,26 dan 1,28 gacha oshgan.
Ayni paytda ayrim banklarda ijobiy dinamika qayd etilgan. Anor Bankda indeks 3,29 dan 1,84 gacha, Biznesni rivojlantirish bankida 3,34 dan 2,78 gacha, Mikrokreditbankda esa 3,23 dan 2,69 gacha pasaygan. Umuman, II chorakda «TOP-10» banklarning o‘rtacha «murojaatlar indeksi» 2,14 dan 2,07 gacha pasaygan.
Markaziy bankning tushuntirishicha, indeks bankning murojaatlar soni bo‘yicha bozor ulushi hamda mijozlar soni bo‘yicha bozor ulushi nisbati asosida hisoblanadi. Ko‘rsatkich qancha yuqori bo‘lsa, bankning mijozlar bazasiga nisbatan shuncha ko‘p murojaat kelib tushganini anglatadi. Shu bilan birga, «murojaatlar indeksi» bankning moliyaviy barqarorligi yoki ishonchliligini baholamaydi. U mijozlar soniga nisbatan murojaatlar ulushini aks ettiruvchi statistik ko‘rsatkich hisoblanadi.
Chorak davomida 100 tadan kam murojaat kelib tushgan banklar bo‘yicha indeks hisoblanmaydi. Markaziy bank banklarga murojaatlarning sabablarini chuqur tahlil qilish, ularni ko‘rib chiqish jarayonlarini takomillashtirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish choralarini kuchaytirishni tavsiya etgan.
Yangi yondashuvga ko‘ra, banklar kelib tushgan shikoyatni hal qilish bilan cheklanib qolmasdan, uning kelib chiqish sababini aniqlashi va bartaraf etishi lozim. Zero, murojaatlar nafaqat muammoni ko‘rsatuvchi ko‘rsatkich, balki bank xizmatlari sifatini yaxshilash va mijozlar ishonchini mustahkamlash uchun muhim «qayta aloqa» vositasi hamdir.
Sh.Mamaturopova, O‘zA