O‘zbekiston va Latviya o‘rtasida yangi hamkorlik, logistika imkoniyatlari o‘rganilmoqda
Mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, meva-rezavorlarni yetishtirish va muzlatish, issiqxonalar, biogaz hamda organik o‘g‘itlar ishlab chiqarish bo‘yicha xalqaro hamkorlik imkoniyatlari kengaymoqda.
O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasida Latviya ishbilarmonlar delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv 8-oktabr kuni Toshkentda o‘tkaziladigan biznes-forum arafasida tashkil etildi.
Delegatsiya tarkibidan transport va logistika, qishloq xo‘jaligi, investitsiya, kimyo sanoati, zamonaviy texnologiyalar, sertifikatlash va yashil energetika sohalari vakillari o‘rin oldi.
Muzokaralarda Riga erkin porti negizida O‘zbekiston – Latviya logistika xabini tashkil etish, eksportchilar va importchilarni birlashtirish, shuningdek, uchinchi bozorlarga birgalikda chiqish masalalari muhokama qilindi, deyiladi O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi ma’lumotida.
Shuningdek, sertifikatlash yo‘nalishiga ham alohida e’tibor qaratildi. Latviyaning 115 yildan ortiq tarixga ega sertifikatlash va sinov markazi bilan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, jumladan, qo‘shma korxona yoki filial tashkil etish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Latviya tomoniga «GSP+» tizimi doirasida Yevropa bozoriga chiqish imkoniyatlari, startaplar, venchur investitsiyalar va IT sohasidagi imkoniyatlar haqida ma’lumot berildi.
Shu bilan birga, sertifikatlash bo‘yicha O‘zbekiston tadbirkorlari ishtirokida onlayn uchrashuv o‘tkazish hamda ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha doimiy muloqotni yo‘lga qo‘yishga kelishildi.
A.RUSTAMOV,
O‘zA