Kogonda “Sohil bo‘yi” dam olish maskani barpo etilmoqda
Buxoro viloyati Kogon tumanida aholi uchun zamonaviy dam olish va sayr maskanlarini ko‘paytirish, hududlarni obodonlashtirish hamda mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Jumladan, “A-380” avtomobil yo‘li bo‘ylab, Taraqqiyot mahallasidan o‘tuvchi “Qo‘ng‘irot” kollektori atrofida keng ko‘lamli obodonlashtirish va bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. Loyiha doirasida mazkur hududni zamonaviy dam olish va sayr qilish maskaniga aylantirish ko‘zda tutilgan.
Texnik ahamiyatga ega gidroinshoot — kollektor atrofining obodonlashtirilishi natijasida hudud nafaqat muhandislik infratuzilmasi, balki aholi uchun qulay ijtimoiy va dam olish maskani sifatida ham xizmat qiladi.
Ayni paytda kollektorning 900 metrlik qismida tozalash va obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda. Hududda avtomobil yo‘li va piyodalar yo‘laklari, tungi yoritish chiroqlari, ayvonlar, bolalar attraksionlari barpo etilmoqda. Shuningdek, muzqaymoq, salqin ichimlik va oziq-ovqat mahsulotlari savdosi uchun xizmat ko‘rsatish shoxobchalari tashkil etiladi.
“Bukhara georoad proyekt group” MCHJ tomonidan loyihalashtirilgan mazkur maskanda qurilish-montaj ishlarini pudratchi “Shavkat Shokir savdo” MCHJning ishchi va mutaxassislari olib bormoqda.
Loyihaga ko‘ra, “Sohil bo‘yi” dam olish maskanida 20 ga yaqin tadbirkorlik sub’ekti uchun xizmat ko‘rsatish faoliyatini yo‘lga qo‘yish imkoniyati yaratiladi. Bu yerda yangi xizmat turlarini tashkil etish, aholi va tashrif buyuruvchilarga qulayliklar yaratish barobarida, qo‘shimcha ish o‘rinlarini yaratishga ham xizmat qiladi.
Maskanda obodonlashtirish ishlari bilan bir qatorda, piyodalar va avtotransport harakati uchun qulay sharoit yaratish, hududni zamonaviy yoritish tizimi bilan ta’minlash hamda aholi va tashrif buyuruvchilarning mazmunli hordiq chiqarishi uchun zarur infratuzilmani shakllantirish rejalashtirilgan.
Tohir Istatov (surat), O‘zA