Nuroniylar – yoshlar tarbiyasi va jamiyat taraqqiyotining muhim tayanchi
Navoiy shahridagi Ma’naviyat va ma’rifat markazi binosida “Bir nuroniy - o‘n yoshga mas’ul” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Nuroniylarning ijtimoiy faolligini oshirish, ularning yoshlar bilan ishlashdagi tashabbuslarini rag‘batlantirish maqsadida tashkil etilgan tanlovda tuman va shahar bosqichlarida birinchi o‘rinni egallagan nuroniylar uchta shart bo‘yicha o‘zaro bellashdi.

Tadbir avvalida ta’kidlanganidek, bugun mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning markazida inson qadri, uning huquq va manfaatlarini ta’minlash, aholi farovonligini oshirish hamda ma’naviy barkamol avlodni tarbiyalash kabi ezgu maqsadlar mujassam. Bu jarayonda katta hayotiy tajribaga ega nuroniylarning jamiyatdagi faolligini qo‘llab-quvvatlash, ularning boy tajribasidan yoshlar tarbiyasida samarali foydalanish muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, Konimex tumani vakili Mustafo Egamqulov 1-, Navbahor tumani vakili Norpo‘lat Qosimov 2-, Karmana tumani vakili Gulanday Islomova esa 3-o‘rinni egalladi.

Tadbir so‘nggida barcha g‘olib va sovrindorlar, shuningdek, viloyatning har bir nuroniysiga faol ishtiroki hamda alohida yutuqlari uchun pul mukofotlari, diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri