O‘zbekiston va Janubiy Koreya: Raqamlar ortidagi strategik hamkorlik
2026-yil dastlabki yetti oyi yakuni bo‘yicha Milliy statistika qo‘mitasi tomonidan e’lon qilingan ma’lumot O‘zbekiston va Koreya Respublikalari o‘rtasidagi aloqalarning bugungi holatini ochib beradi.
Raqamlar o‘zaro sheriklik mustahkamligini ko‘rsatish bilan birga, savdo muvozanatidagi muhim tendensiyani ham namoyon etgan.
Savdo aylanmasi va import ustunligi
Yanvar-iyul oylarida ikki davlat o‘rtasidagi savdo aylanmasi 1,1 milliard dollarni tashkil etdi. Savdo tarkibiga nazar tashlansa, sezilarli tafovut ko‘zga tashlanadi: O‘zbekiston eksporti 37,5 million dollar, Janubiy Koreyadan amalga oshirilgan import qiymati esa 1 037 million dollar. Nomuvofiqlik mamlakatimiz iqtisodiyoti hamkor yurt yuqori texnologiyali asbob-uskunasi, mashinasozligi va sanoat mahsulotlariga yuqori ehtiyojimiz bilan izohlanadi.
Investitsiya va biznes
Mazkur tafovutni Koreya Respublikasining O‘zbekiston iqtisodiyotiga kiritayotgan sarmoyasi va sanoatimizdagi ishtiroki qisman to‘ldiradi. Yanvar-iyun oylarida bu o‘lkadan 216,4 million dollar sarmoya va kredit o‘zlashtirilgan. 1-avgust holatiga ko‘ra, diyorimizda koreys kapitali ishtirokida 730 korxona faoliyat yuritmoqda. Demak, Janubiy Koreya tadbirkorlarining bozorimizga ishonchi barqaror.
Turizm va ta’lim sohalaridagi almashinuv
Gumanitar va turistik aloqa ham izchil rivojlanmoqda. Do‘stona munosabat tufayli sayyohlar va talabalar oqimi ikki tomonlama faollikni ko‘rsatmoqda:
Turizm (yanvar-iyul): Janubiy Koreyadan O‘zbekistonga 26 512 sayyoh kelgan, O‘zbekistondan Koreyaga 20 073 fuqaro turistik maqsadda safar qilgan.
Ta’lim: Akademik mobillik bo‘yicha yoshlarimiz ustun. Koreyada o‘qiyotgan hamyurtlarimiz 1 394 nafar, respublikamizda 591 koreys tahsil olyapti.
Xulosa shuki, O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasidagi munosabat faqat tovar aylanmasi bilan cheklanmaydi: sarmoyaviy, akademik va sayyohlik yo‘nalishlarida ham sheriklik jadal ривожланмоқда.
Fardona Yaxshiboyeva, O‘zA