SI xavfi: “Anthropic” rahbari chaqirig‘ini Mask va Altman ham qo‘llab-quvvatladi
Milliarder Ilon Mask va “OpenAI” bosh direktori Sem Altman “Anthropic” bosh direktori Dario Amodeyning sun’iy intellekt rivojini sekinlashtirish haqidagi chaqirig‘ini qo‘llab-quvvatladi. Amodey ilgari SI poygasini cheklash uchun uch bosqichli reja taklif qilgan siyosiy esse nashr etgan. U so‘nggi oylarda neyron tarmog‘i rivojlanishi jarayoni nazoratdan chiqib ketish darajasiga yetganiga amin bo‘lgan.
– Chora ko‘rilmasa, sun’iy intellekt agentlari to‘dasi keyingi olti-o‘n ikki oy ichida “butun internetni egallab olishi” mumkin, – degan “Anthropic” bosh direktori.
Mask o‘z xabarida “Dario haq” degan, Altman ham tashabbusni qo‘llab-quvvatlab, o‘z kompaniyasi ehtiyot choralaridan birini amalga oshirishiga urg‘u berdi.
SI sohasida erishilayotgan yutuqlar ilm-fan rivojiga xizmat qilib, inson hayotini farovonlashtirsa yaxshi, albatta. Afsuski, so‘nggi payt bu atama ko‘proq jang maydonida qo‘llash vositasining muhim qismi sifatida qabul qilinayotgani SI ijodkorlarida jiddiy xavotir uyg‘otmoqda. Ya’ni, taraqqiyot shunday davom etsa, bir kun kelib inson sun’iy ongni boshqara olmay qolishi mumkin ekan.

Yaqinda ommaviy axborot vositalari “Anthropic” tadqiqotchisi Jeykob Kokson iste’foga chiqishini yozdi. Ushbu qaror kompaniya va SI ishlab chiquvchilar kelajakda bunday qurilmalarni qanday boshqarishni o‘ylamasdan, o‘zini takomillashtiruvchi super intellekt yaratishga shoshilayotganidan xavotir tufayli qabul qilingan. Uning fikricha, o‘n yillik oxiriga kelib, SI odamdan o‘zib ketishi, har qanday tizimni buza olishi, bir necha soat ichida ilmiy yutuqqa erishishi, haqiqiy resurs va kuchga egalik qilishi mumkin.
– Rahbarlar ushbu texnologiya xavfini atay kamaytirib ko‘rsatmoqda, – deydi Kokson. – SI kuchini kam baholamang! Bu tizim tez orada g‘ayri tabiiy imkoniyatga ega bo‘lishi mumkin.
S.Rahimov, O‘zA