O‘zbekiston va Janubiy Koreya agrar sohadagi hamkorlikni kengaytirmoqda
O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Jamshid Abduzuxurov Janubiy Koreya Respublikasining Qishloq taraqqiyoti boshqarmasi (RDA) bosh direktori hamda xalqaro “KOPIA” tashkiloti direktori boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muloqot davomida mamlakatimizda sholichilik sohasini rivojlantirish, ilmiy yondashuvlar asosida serhosil navlarni yaratish, zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish hamda oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.

Tomonlar Sholichilik ilmiy-tadqiqot instituti va xalqaro “KOPIA” tashkiloti o‘rtasidagi hamkorlik doirasida amalga oshirilayotgan loyihalar qishloq xo‘jaligida innovatsion yondashuvlarni keng tatbiq etishda muhim ahamiyat kasb etayotganini ta’kidladi.
Uchrashuvda Janubiy Koreyaning qishloq xo‘jaligida amaliy texnologiyalarni ishlab chiqish, hududiy agrar tarmoqlarni rivojlantirish, fermerlar daromadini oshirish hamda yoshlarni sohaga keng jalb etish borasidagi tajribasiga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, kelgusida sholichilik va chorvachilik yo‘nalishlarida ilmiy tadqiqotlarni kengaytirish, innovatsion texnologiyalar almashinuvini kuchaytirish hamda o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘rtasida hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan Anglashuv memorandumi imzolandi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA