“Xitoy - Markaziy Osiyo” inson huquqlari bo‘yicha forumida “Toshkent tashabbusi” qabul qilindi
Toshkentda “Xitoy - Markaziy Osiyo” inson huquqlarini rivojlantirish bo‘yicha to‘rtinchi forum bo‘lib o‘tdi.
Inson huquqlarini rivojlantirish bo‘yicha Xitoy jamg‘armasi va O‘zbekiston Respublikasi Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markazi tomonidan tashkil etilgan forum “Yuqori sifatli rivojlanish orqali inson huquqlari sohasidagi taraqqiyotni birgalikda rag‘batlantirish” mavzusiga bag‘ishlandi.
Forum Xitoy, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekistonning ekspert, ilmiy, davlat va ishbilarmon doiralari vakillarini birlashtirdi.
Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz direktori A.Saidov tadbirning BMT Rivojlanish huquqi to‘g‘risidagi deklaratsiyasi qabul qilinganining 40 yilligi nishonlanayotgan yilda o‘tkazilishi forumga alohida ahamiyat bag‘ishlaganini ta’kidladi.
Shu munosabat bilan ishtirokchilar rivojlanish huquqi insonning fundamental huquqlaridan biri ekanini, barqaror ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot esa inson huquq va erkinliklarini ta’minlashning eng muhim sharti ekanini tasdiqladi.
[gallery-29402]
Forum ishtirokchilari ekologiya va iqlim o‘zgarishi masalalariga alohida e’tibor qaratdi. Hujjatda atrof-muhitni muhofaza qilish, bioxilma-xillikni asrash, yashil va kam uglerodli rivojlanishni ilgari surish, shuningdek, fuqarolarning qulay atrof-muhitga ega bo‘lish va sog‘lig‘ini saqlash huquqlarini ta’minlash bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlar muhimligi qayd etildi.
Raqamli texnologiyalarni rivojlantirish va sun’iy intellektdan inson manfaatlari yo‘lida foydalanish hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari qatorida belgilandi. Forum ishtirokchilari raqamli tafovutni qisqartirish, yangi texnologiyalarni qo‘llash bilan bog‘liq salbiy oqibatlarning oldini olish hamda ulardan xavfsiz va mas’uliyatli foydalanishni ta’minlash zarurligini ta’kidladi.
Tomonlar mintaqa davlatlarining tarixiy, madaniy va ijtimoiy xususiyatlarini hisobga olgan holda inson huquqlarini rivojlantirishning milliy modellarini qo‘llab-quvvatlashlarini tasdiqlab, sivilizatsiyalararo muloqotni mustahkamlash va gumanitar hamkorlikni kengaytirish tarafdori ekanliklarini bildirdi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar yakuniy hujjat – “Toshkent tashabbusi”ni qabul qildi. Unda tomonlarning inson huquqlari, barqaror rivojlanish va gumanitar hamkorlik sohalaridagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga bo‘lgan umumiy intilishi mustahkamlab qo‘yildi.
“Toshkent tashabbusi”da aholi turmush sifatini oshirish, kambag‘allikni qisqartirish, ta’lim, sog‘liqni saqlash, transport, qishloq xo‘jaligi, yashil energetika va bandlikni rivojlantirish maqsadida Xitoy va Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish zarurligi ta’kidlandi.
Hujjat Markaziy Osiyo mamlakatlari va Xitoyning inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlari, jamoat tashkilotlari, universitetlari, tahliliy markazlari, ommaviy axborot vositalari, ishbilarmon doiralari va yoshlari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlashni nazarda tutadi.
Forum ishtirokchilari “Xitoy - Markaziy Osiyo” forumini inson huquqlari sohasida muloqot, tajriba almashish va qo‘shma yondashuvlarni ishlab chiqish uchun doimiy xalqaro platforma sifatida institutsional rivojlantirishga ko‘maklashishga tayyor ekanliklarini tasdiqladi.
Norgul Abduraimova, Farhod Abdurasulov (surat), O‘zA