O‘zbekiston – Hindiston: Strategik sheriklikning yangi bosqichi
2026-yil 13-may kuni Dehli shahrida O‘zbekiston Respublikasi va Hindiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida siyosiy maslahatlashuvning 17-davrasi bo‘lib o‘tdi. Mamlakatimiz delegatsiyasiga tashqi ishlar vaziri birinchi o‘rinbosari Bahromjon A’loyev, Hindiston tomoniga esa Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Sibi Jorj boshchilik qildi.
Do‘stona va ko‘tarinki ruhda o‘tgan uchrashuv davomida tomonlar o‘zaro strategik sheriklikning bugungi holatini atroflicha tahlil qilib, siyosiy muloqotni chuqurlashtirish, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqa ko‘lamini kengaytirish hamda madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratdilar. Axborot texnologiyalari, farmatsevtika, tibbiyot, ta’lim, turizm hamda fuqaro aviatsiyasi yo‘nalishlaridagi sheriklik izchil rivojlanayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Shu bilan birga hududlararo aloqani faollashtirish va mavjud salohiyatdan yanada unumli foydalanish muhimligi ta’kidlandi.
Muzokara chog‘ida xalqaro va mintaqaviy kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashildi. Xususan, ko‘p tomonlama tuzilmalar doirasidagi hamkorlikni kengaytirish hamda mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash borasidagi sa’y-harakatni muvofiqlashtirish muhokama markaziga chiqdi. Tadbir yakunida tomonlar o‘zaro manfaatli investitsiyaviy loyihalarni qo‘llab-quvvatlash va iqtisodiy sheriklikni yanada mustahkamlashga tayyorliklarini yana bir bor tasdiqladilar.
F. Yaxshiboyeva, O‘zA