O‘zbekiston va Google Cloud: raqamli rivojlanish yo‘lida yangi imkoniyatlar
Raqamli texnologiyalar vaziri Google Cloud vakili bilan uchrashdi. Muzokaralarda O‘zbekistonda davlat boshqaruvida bulutli texnologiyalarni joriy etish va raqamli transformatsiyani jadallashtirish yo‘llari muhokama qilindi.
Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Google Cloud kompaniyasining davlat siyosati va davlat tashkilotlari bilan aloqalar yo‘nalishi rahbari Marchin Krasuski bilan muloqot qildi.
Uchrashuvda raqamli texnologiyalarni mamlakatimiz hayotiga keng joriy etish, davlat boshqaruvini zamonaviy yechimlar asosida takomillashtirish hamda davlat tashkilotlari faoliyatida bulutli texnologiyalardan foydalanish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Bugungi kunda raqamli texnologiyalar nafaqat axborot almashinuvini tezlashtirish, balki davlat xizmatlarini yanada qulay, samarali va tezkor tashkil etishda ham muhim o‘rin tutmoqda. Shu nuqtai nazardan, Google Cloud kompaniyasining xalqaro tajribasi va texnologik imkoniyatlaridan foydalanish O‘zbekistonda raqamli transformatsiya jarayonlarini jadallashtirishga xizmat qilishi mumkin.
Muloqot davomida mamlakatimizda raqamli infratuzilmani rivojlantirish, zamonaviy bulutli yechimlarni davlat tashkilotlari faoliyatiga tatbiq etish hamda ushbu yo‘nalishdagi istiqbolli hamkorlik imkoniyatlari yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro muloqotni davom ettirish va muhokama qilingan yo‘nalishlarda hamkorlikni rivojlantirish masalalariga e’tibor qaratdi.
Nigora Rahmonova,
O‘zA