Elektr tarmoqlari yangilanib, ta’minot mustahkamlanmoqda
Guliston tumanida kuz-qish mavsumini betalafot o‘tkazish, aholi xonadonlari va ijtimoiy soha ob’ektlarini barqaror elektr energiyasi bilan ta’minlash maqsadida elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilish, mavjud infratuzilmani mustahkamlash hamda ta’mirlash ishlari izchil olib borilmoqda. Jumladan, 110 kilometr elektr tarmog‘i va 37 ta transformator punkti mukammal, 190 kilometr elektr tarmog‘i hamda 81 ta transformator punkti joriy ta’mirdan chiqarildi. Shuningdek, xavf darajasi yuqori bo‘lgan qizil toifadagi 88 ta va sariq toifadagi 102 ta transformator punktida ta’mirlash ishlari to‘liq yakunlandi.
Bu haqda Guliston tumani elektr tarmoqlari korxonasi tomonidan ommaviy axborot vositalari vakillari uchun tashkil etilgan press-tur davomida ma’lumot berildi. Tadbirda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish, elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilish, transformator punktlarini ta’mirlash va elektr ta’minoti barqarorligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida so‘z yuritildi.

Ta’kidlanganidek, 2026-yil davomida tumanda elektr ta’minoti tizimini takomillashtirish, tarmoqlarning o‘tkazuvchanlik imkoniyatini oshirish va iste’molchilarga elektr energiyasini ishonchli yetkazib berish maqsadida qator qurilish hamda modernizatsiya ishlari amalga oshirilmoqda. Xususan, 2,9 kilometr SIP-2 rusumli va 1 kilometr SIP-4 rusumli kabel tarmog‘i tortildi. Shuningdek, elektr tarmoqlarining mustahkamligi va ishonchliligini oshirish maqsadida 411 dona temir-beton tayanch ustun o‘rnatildi.
Mazkur yangilanishlar elektr tarmoqlarining texnik imkoniyatlarini kengaytirish, mavjud infratuzilmaning barqaror ishlashini ta’minlash va iste’molchilarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yaxshilashga qaratilgan.

— Ayni paytda korxona balansida 318 ta transformator punkti mavjud. Ularning barqaror ishlashini ta’minlash, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan nosozliklarni tezkor bartaraf etish hamda favqulodda vaziyatlarda elektr ta’minotini qisqa muddatlarda tiklash maqsadida 7 dona transformator zaxirasi shakllantirilgan, — dedi tuman elektr ta’minoti boshlig‘i Farhod Isoqov.
Kuz-qish mavsumida elektr ta’minotida uzilishlar yuzaga kelishining oldini olishda zarur ehtiyot qismlari va moddiy-texnik vositalar zaxirasini shakllantirish ham muhim ahamiyatga ega. Shu maqsadda korxona omborida avariya holatlarini bartaraf etish uchun zarur materiallar jamlangan. Jumladan, 300 litr transformator moyi, 100 metr 0,4 kV kuchlanishli kabel, turli rusumdagi elektr simlari, ajratkichlar, izolyatorlar, avtomatlar, muftalar va boshqa ehtiyot qismlari zaxirasi mavjud.

Ushbu zaxiralar elektr tarmoqlarida nosozliklar yuzaga kelgan taqdirda ta’mirlash ishlarini tezkor tashkil etish, elektr ta’minotini tiklash muddatlarini qisqartirish va iste’molchilarga yetkaziladigan noqulayliklarni kamaytirish imkonini beradi.

Press-tur davomida jurnalistlar elektr ta’minoti tizimini modernizatsiya qilish, tarmoqlar va transformator punktlarining texnik holati hamda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik jarayonlari bilan yaqindan tanishib, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldilar.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri