Nuriddin Xo‘jaqulov: "Har bir tomchi suvda rizq va baraka bor"
Mamlakatimizda suv resurslaridan oqilona foydalanish, suv yo‘qotishlarini kamaytirish va sug‘oriladigan yerlarning suv ta’minotini yaxshilash suv xo‘jaligi sohasining ustuvor vazifalaridan biri hisoblanadi. Xususan, irrigatsiya tarmoqlarini modernizatsiya qilish, kanallarni betonlashtirish, suv yetkazib berish samaradorligini oshirish hamda yerlarning meliorativ holatini yaxshilash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Bugungi kunda mazkur yo‘nalishlarda amalga oshirilayotgan ishlar qishloq xo‘jaligining barqaror rivojlanishini ta’minlash, suv resurslaridan tejamkor foydalanish, shuningdek, aholi va fermer xo‘jaliklarining suv ta’minotini yaxshilashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Suv xo‘jaligi loyihalarini amalga oshirish departamenti direktori Nuriddin Xo‘jaqulov sohaga oid amalga oshirilayotgan ishlar, xususan, kanallarni betonlashtirish, irrigatsiya tizimini takomillashtirish va suv ta’minotini yaxshilash borasidagi ishlar yuzasidan quyidagilarni ma’lum qildi:
– Mamlakatimizda suv yo‘qotishlarini kamaytirish, sug‘oriladigan yerlarning suv ta’minotini yaxshilash maqsadida kanallarni betonlashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Chunki suv - hayot manbai, qishloq xo‘jaligining asosiy boyligi va xalqimiz rizq-ro‘zining muhim omili. Har bir tomchi suvni asrab-avaylash, undan oqilona foydalanish va iste’molchilarga imkon qadar kam yo‘qotish bilan yetkazib berish bugungi kunning muhim talabidir.

Bugungi matbuot anjumanida ham kanallarni betonlashtirish va irrigatsiya tizimini yaxshilash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdik. Taqdim etilgan videorolikda kanalning yer o‘zanini tayyorlashdan boshlab, yer ishlarini bajarish, betonlashtirish va foydalanishga topshirishgacha bo‘lgan jarayonlar qisqacha namoyish etildi.
Respublikada 4,3 million gektar sug‘oriladigan yer mavjud bo‘lib, suv resurslarining qariyb 90 foizi qishloq xo‘jaligi ehtiyojlari, jumladan, ekin maydonlarini sug‘orish uchun sarflanadi. Mamlakatimizda jami 173 ming kilometr sug‘orish tarmoqlari mavjud. Shundan 29 ming kilometri magistral va xo‘jaliklararo kanallar, 48 ming kilometri “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasasi balansidagi tarmoqlar, 96 ming kilometri esa fermer xo‘jaliklari va klasterlar tasarrufidagi ichki sug‘orish tarmoqlaridan iborat.
Mavjud tarmoqlarning 103 ming kilometri tuproq o‘zanli ekanligi sababli kanal va ariqlarda suvning 25-30 foizgacha qismi yo‘qotilmoqda. Bu esa suv resurslaridan samarali foydalanish, ekin maydonlarini o‘z vaqtida sug‘orish va hosildorlikni oshirishda muayyan qiyinchiliklarni keltirib chiqarmoqda.
Shu bois 2024-yildan boshlab kanallarni betonlashtirish ishlari jadallashtirildi. Prezidentimiz topshiriqlari asosida mazkur yo‘nalishda keng ko‘lamli ishlar boshlandi. 2024-2025-yillarda davlat byudjeti hisobidan 3 400 kilometr kanal betonlashtirildi. 2026-yilda esa 1 140 kilometrga yaqin kanalni betonlashtirish rejalashtirilgan bo‘lib, ayni paytda ishlar sakkizta viloyatda olib borilmoqda.

2026-yilning o‘tgan to‘qqiz oyida Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 21-oktabrdagi 660-son qarori asosida 70 ta loyiha doirasida 537 kilometr kanal betonlashtirildi. Shuningdek, 26 kilometr lotok va 33 kilometr yopiq sug‘orish tarmoqlarini rekonstruksiya qilish ishlari bajarildi.
Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 19-martdagi 111-son qaroriga muvofiq, davlat byudjetidan qo‘shimcha 422 milliard so‘m ajratildi. Ushbu mablag‘lar hisobidan 53 ta loyiha doirasida 388 kilometr kanalni betonlashtirish belgilangan. Joriy yilning to‘qqiz oyida 215 kilometr kanal betonlashtirilib, qolgan ob’ektlarda ishlar davom ettirilmoqda.
Umuman, 2024-2026-yillarga mo‘ljallangan dasturlar bo‘yicha jami 1 899 kilometr kanalni betonlashtirish rejalashtirilgan bo‘lib, joriy yilning to‘qqiz oyi yakuniga qadar 1 728 kilometr qismida ishlar bajarildi.
Kanallarni betonlashtirish bilan birga, sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilashga ham katta e’tibor qaratilmoqda. Xususan, 2017-2026-yillarda 7 163 kilometr kollektor-drenaj tarmoqlari qurildi va rekonstruksiya qilindi, 129 ming 541 kilometr tarmoqda ta’mirlash-tiklash ishlari bajarildi. Bu tadbirlar sizot suvlari sathini tartibga solish, yerlarning qayta sho‘rlanishining oldini olish va tuproq unumdorligini saqlashga xizmat qilmoqda.

Aholi tomorqalarining suv ta’minotini yaxshilash ham ustuvor vazifalardan biridir. Jumladan, 2025-yilda “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi doirasida 892 ta loyiha amalga oshirildi. Natijada 1 875 kilometr kanal, 194 kilometr lotok, 483 kilometr quvur tarmoqlari, 455 ta nasos agregati va 725 ta sug‘orish qudug‘ini qurish hamda rekonstruksiya qilish ishlari bajarildi.
Suvni tejash faqatgina uning yo‘qotilishini kamaytirish emas, balki dehqon mehnatini qadrlash, yer unumdorligini saqlash va xalqimiz dasturxoni to‘kinligini ta’minlash hamdir. Shuning uchun kanallarni betonlashtirish bilan bir qatorda, yerlarning meliorativ holatini yaxshilash, kollektor-drenaj tarmoqlarini qurish va rekonstruksiya qilish ishlariga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.
2017-yildan 2026-yilgacha bo‘lgan davrda kollektor-drenaj tarmoqlarini qurish va rekonstruksiya qilish uchun 7 trillion so‘mdan ortiq mablag‘ ajratildi. Bu ishlar sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash, ortiqcha namlikni chiqarish va yerlardan samarali foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qilmoqda.
Shuningdek, aholi tomorqalari va mahallalarning suv ta’minotini yaxshilash ham muhim vazifalardan biri hisoblanadi. 2025-yilda Prezidentimizning 130-sonli qarori asosida qabul qilingan “Qishloq va mahallalarda farovon turmush” dasturi doirasida suv yetib borishi qiyin bo‘lgan va umuman suv bormaydigan mahallalarga suv yetkazib berishga alohida e’tibor qaratildi. Ushbu maqsadlar uchun 1 trillion so‘mdan ortiq mablag‘ ajratilib, qariyb 800 ta mahallada suv ta’minoti yaxshilandi.

Avvallari sug‘orish tarmoqlarini qurish, kichik nasoslarni ta’mirlash, mahallalar orasidan o‘tuvchi ariq va kanallarni betonlashtirish uchun mablag‘ ajratilmas edi. Bugun esa mazkur yo‘nalishdagi ishlar davlat dasturlari asosida izchil davom ettirilmoqda.
Bu borada Prezidentimizning tegishli qarorlari asosida “Obod qishloq”, “Obod mahalla” hamda “Yangi O‘zbekiston” massivlari dasturlari doirasida ham qator ishlar amalga oshirilmoqda. Ajratilayotgan mablag‘lar infratuzilmani rivojlantirish, suv ta’minotini yaxshilash va aholi uchun qulay sharoitlar yaratishga yo‘naltirilmoqda.
Xulosa qilib aytganda, kanallarni betonlashtirish, irrigatsiya tarmoqlarini modernizatsiya qilish va suv ta’minotini yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlar suv resurslaridan samarali foydalanish, suv yo‘qotishlarini kamaytirish hamda qishloq xo‘jaligining barqarorligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
O‘zA muxbiri
Nasiba Ziyodullayeva
yozib oldi.