O‘zbekiston va Gonkong investitsiya, fintex va arbitraj sohalarida hamkorlikni kengaytiradi
O‘zbekiston va Gonkong o‘rtasida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy hamda huquqiy sohalardagi hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasida Gonkong Adliya departamenti rahbari — Adliya kotibi Pol Lam boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muloqotda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi, Adliya vazirligi, Toshkent xalqaro arbitraj markazi (TIAC), mamlakatning yetakchi advokatlik firmalari, shuningdek, Gonkong savdo-sanoat palatasi, Butunjahon Gonkong biznes assotsiatsiyalari federatsiyasi, huquqiy, moliyaviy va biznes sohalarida faoliyat yurituvchi tashkilotlar hamda xalqaro yuridik firmalar vakillari ishtirok etdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston va Gonkong o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish, ishbilarmon doiralar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni kuchaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Muloqotning muhim yo‘nalishlaridan biri xalqaro arbitraj va tijorat nizolarini samarali hal etish mexanizmlarini rivojlantirish bo‘ldi.

Toshkent xalqaro arbitraj markazi (TIAC) direktori Diana Bayzakovaning ta’kidlashicha, markaz 2023-yildan buyon Gonkong xalqaro arbitraj markazi (HKIAC) bilan faol hamkorlik qilib kelmoqda.
Ikki markaz tomonidan ishlab chiqilgan transinstitutsional (cross-institutional) arbitraj reglamenti xalqaro amaliyotda e’tirof etilgan mexanizmlardan biri hisoblanadi. Uning amaliyotda qo‘llanilayotgani O‘zbekiston va Gonkong biznes vakillari o‘rtasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan tijorat nizolarini zamonaviy xalqaro standartlar asosida hal etish imkoniyatlarini kengaytiradi.

Bu, o‘z navbatida, xorijiy investorlar uchun huquqiy kafolatlarni mustahkamlash, biznes muhitida ishonchni oshirish va investitsiyaviy loyihalarni huquqiy jihatdan qo‘llab-quvvatlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Uchrashuvda Gonkongning yetakchi yuridik firmalari va O‘zbekiston advokatlik tuzilmalari o‘rtasida professional aloqalarni rivojlantirish, investitsiya loyihalarini huquqiy qo‘llab-quvvatlash hamda qo‘shma korxonalar tashkil etish masalalari ham muhokama qilindi.
Shuningdek, moliya va bank xizmatlari, investitsiyalar, fintex, raqamli iqtisodiyot, huquqiy xizmatlar va xalqaro arbitraj kabi istiqbolli yo‘nalishlarda hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Ayniqsa, Gonkongning xalqaro moliya markazi sifatidagi salohiyati O‘zbekiston uchun investitsiyalarni jalb qilish, moliyaviy texnologiyalarni rivojlantirish va xalqaro biznes hamkorlikni kengaytirish nuqtai nazaridan muhim ahamiyatga ega. Bugungi kunda xalqaro investitsiya loyihalarini amalga oshirishda nafaqat moliyaviy resurslar, balki ishonchli huquqiy mexanizmlar, shaffof biznes muhiti va samarali nizolarni hal etish tizimi ham muhim omil hisoblanadi. Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston va Gonkong huquqiy hamda biznes institutlari o‘rtasidagi hamkorlikning kengayishi ikki tomonlama iqtisodiy aloqalar uchun yangi imkoniyatlar yaratishi mumkin.

Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni izchil davom ettirish, yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, biznes sub’ektlari o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni mustahkamlash va O‘zbekiston–Gonkong savdo-iqtisodiy munosabatlarini yanada rivojlantirishdan manfaatdor ekanliklarini bildirdi.
Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA