Hududlarning iqtisodiy o‘sish salohiyati qanday aniqlanadi?
Hududlar iqtisodiyotini barqaror rivojlantirish uchun ularning iqtisodiy o‘sish salohiyatini oldindan aniq baholash muhim.
Bunda mavjud iqtisodiy tendensiyalar bilan bir qatorda, o‘sish drayverlari, investitsiya imkoniyatlari va ehtimoliy xavf-xatarlarni ham hisobga olish zarur.
2030-yilgacha hududlarda iqtisodiy o‘sish qanday bo‘lishini aniqlash maqsadida Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) “Aql markazlari” bilan hamkorlikda hududiy iqtisodiy o‘sishni baholash va prognozlashtirishning yagona metodologik yondashuvini ishlab chiqmoqda.
Unga ko‘ra, mazkur yondashuv tufayli hududlarning kelgusi iqtisodiy holati uchta ssenariy asosida baholanadi. Inersion ssenariyda mavjud iqtisodiy tendensiyalar saqlanib qolgan taqdirda hudud iqtisodiyoti qanday sur’atda o‘sishi mumkinligi aniqlanadi. Maqsadli ssenariyda belgilangan ko‘rsatkichlarga erishish uchun zarur bo‘lgan qo‘shimcha investitsiyalar, yangi ishlab chiqarish quvvatlari va tarkibiy islohotlar hajmi hisoblab chiqiladi.
Passiv ssenariy esa ichki va tashqi bozorlarda iqtisodiy xavflar kuchaygan taqdirda hudud qancha iqtisodiy o‘sishni yo‘qotishi mumkinligini baholash imkonini beradi.
Bunday yondashuv prognozni shunchaki kelgusi ko‘rsatkichlarni hisoblash vositasidan strategik qarorlar qabul qilish instrumentiga aylantiradi. Buning natijasida har bir hududda iqtisodiy o‘sishning asosiy drayverlarini aniqlash, mavjud resurs va investitsiyalarni ustuvor yo‘nalishlarga safarbar qilish hamda ehtimoliy xavflarni oldindan baholash imkonini yaratish ko‘zda tutilgan.
Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti tomonidan tashkil etilgan seminar-treningda bu haqda atroflicha ma’lumot berildi.
Unda “Aql markazlari” ekspertlari taklif etilayotgan metodologiyani amaliy hisob-kitoblar asosida ko‘rib chiqdi. Shuningdek, uni hududlar kesimida yanada takomillashtirish va prognozlarning amaliy ahamiyatini oshirish bo‘yicha fikr almashildi.
Mutaxassislar ta’kidlanganidek, metodologiyaning asosiy maqsadi har bir hududning iqtisodiy o‘sish salohiyatini aniq belgilash, investitsiya va resurslarni samarali yo‘naltirish hamda iqtisodiy siyosat natijalarini baholash imkonini beruvchi yagona analitik tizimni shakllantirishdan iborat.
Bu esa hududlarning 2030-yilgacha bo‘lgan rivojlanishini yanada aniq rejalashtirish va iqtisodiy o‘sishni samarali boshqarishga xizmat qiladi.
Nasiba Ziyodullayeva,
O‘zA