O‘rtacha pensiya 10 yilda 3,3 barobarga oshdi
O‘zbekistonda pensiya ta’minoti tizimidagi o‘zgarishlar aholi daromadlarining ijtimoiy himoya bilan bog‘liq muhim ko‘rsatkichlaridan birida ham aks etmoqda.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilda O‘zbekistonda o‘rtacha oylik pensiya miqdori 1 million 649,2 ming so‘mni tashkil etgan. Bu ko‘rsatkich 2016-yildagi 494,2 ming so‘mga nisbatan 3,3 barobar yuqori.
Raqamlarga nazar tashlansa, 2016–2025-yillar oralig‘ida o‘rtacha pensiya miqdori har yili o‘sib borgani ko‘rinadi. 2016-yilda 494,2 ming so‘m bo‘lgan ko‘rsatkich 2020-yilga kelib 848,5 ming so‘mga, 2023-yilda esa 1 million 234,5 ming so‘mga yetgan. Ayniqsa, keyingi yillarda o‘sish sur’ati sezilarli bo‘lgan. 2024-yilda o‘rtacha pensiya 1 million 495,6 ming so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, 2025-yilda bu ko‘rsatkich 1 million 649,2 ming so‘mga yetdi. Ya’ni, bir yilda 153,6 ming so‘mga oshgan.
Yillar kesimida o‘rtacha oylik pensiya miqdori quyidagicha shakllangan. 2016-yil 494,2 ming so‘m, 2017-yil 556,8 ming so‘m, 2018-yil 640,5 ming so‘m, 2019-yil 733,2 ming so‘m, 2020-yil 848,5 ming so‘m, 2021-yil 963,6 ming so‘m, 2022-yil 1 080,8 ming so‘m, 2023-yil 1 234,5 ming so‘m, 2024-yil 1 495,6 ming so‘m, 2025-yil — 1 649,2 ming so‘mni tashkil etgan. Umuman, 10 yillik davrda o‘rtacha pensiya 1 million 155 ming so‘mga ko‘paygan. Bu pensiya to‘lovlarining nominal miqdori sezilarli oshganini anglatadi.
Shu bilan birga, iqtisodiy tahlilda pensiya miqdorining o‘sishini baholashda inflyatsiya va iste’mol narxlarining o‘zgarishini ham hisobga olish muhim. Chunki nominal pensiyaning oshishi pensionerlarning real xarid qobiliyati aynan shu darajada o‘sganini anglatmaydi. Shu nuqtai nazardan, pensiyalar dinamikasi aholi daromadlari va narxlar o‘zgarishi bilan birgalikda baholanganda to‘liqroq manzara yuzaga keladi.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA