O‘zbekiston va Daniya iqtisodiy hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini belgilamoqda
Poytaxtimizda O‘zbekiston – Daniya biznes davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston va Daniya o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, mavjud aloqalarni aniq loyihalar bilan boyitish masalasi muhokama qilindi.
Tadbirning ochilishida Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xodjayev O‘zbekistonda so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar xorijiy investorlar uchun yangi imkoniyatlar yaratayotganini qayd etdi. Daniya kompaniyalari bilan tog‘-kon sanoati, energetika, suv xo‘jaligi, transport va logistika, qishloq xo‘jaligi hamda oziq-ovqat sanoatida amaliy hamkorlikni kengaytirish uchun katta imkoniyatlar mavjudligiga e’tibor qaratdi.
– Bugun biz aniq loyihalar ustida ishlash uchun yig‘ildik, – dedi Jamshid Xodjayev. – Ushbu uchrashuv mamlakatlarimiz o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy munosabatlarni yanada rivojlantirish uchun samarali maydon bo‘lishiga ishonaman. Biz muloqot va amaliy ish uchun ochiqmiz.
Davra suhbatida transport va logistika sohasida multimodal va konteyner tashuvlarini rivojlantirish, terminal infratuzilmasi hamda zamonaviy ta’minot zanjirlarini shakllantirish masalalari ko‘rib chiqildi. Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘li, Transafg‘on yo‘lagi va Kaspiy dengizi orqali o‘tuvchi O‘rta yo‘lak imkoniyati ham alohida qayd etildi.
Tog‘-kon sanoatida zamonaviy uskunalarni mahalliylashtirish, servis xizmatlarini rivojlantirish va resurs tejovchi texnologiyalarni joriy etish istiqbollari muhokama qilindi. Daniyaning “FLSmidth” kompaniyasi bilan yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik bu yo‘nalishdagi amaliy misollardan biri sifatida keltirildi.
Energetika sohasida qayta tiklanuvchi energiya manbalarini ko‘paytirish, energiya samaradorligini oshirish va davlat-xususiy sheriklik asosida yangi loyihalarni amalga oshirish imkoniyati ko‘rib chiqildi. Suv xo‘jaligida esa irrigatsiya nasos stansiyalarini modernizatsiya qilish, energiya tejamkor nasos uskunalarini joriy etish va ularni O‘zbekistonda mahalliylashtirish masalalariga e’tibor qaratildi.
Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoatida ishlab chiqarishni kengaytirish, mahalliylashtirish va eksport imkoniyatlarini oshirish, shuningdek, sanoat, energetika, suv xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash va logistika loyihalarini uzoq muddatli moliyalashtirish mexanizmlari yuzasidan fikr almashildi.
Daniya tashqi ishlar vaziri Lars Lyokke Rasmussen O‘zbekistonga ilk rasmiy tashrifi ikki tomonlama munosabatlarni, ayniqsa, iqtisodiy yo‘nalishda rivojlantirishga qaratilganini bildirdi. U Daniya biznesida O‘zbekiston bilan ishlash va investitsiya kiritishga qiziqish ortib borayotganini qayd etdi.
– Biz O‘zbekiston bilan uzoq muddatli iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash va o‘zaro manfaatli tijorat sherikligini rivojlantirishni istaymiz, – dedi Lars Lyokke Rasmussen. – Daniya kompaniyalari energetika, suv xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, qishloq xo‘jaligi, transport va sanoat texnologiyalari sohalarida o‘z texnologiya va tajribasi bilan ishtirok etishi mumkin. Buning uchun barqaror, shaffof va ishonchli shart-sharoit muhim.
Muloqotda “FLSmidth”, “Grundfos”, “Maersk”, “AVK International”, “Scan Global Logistics”, “Carlsberg”, “ByteAll Energy” kompaniyalari hamda Daniyaning Eksport va investitsiya jamg‘armasi vakillari taklif va tashabbuslarini taqdim etdi. Asosiy e’tibor texnologik kooperatsiya, mahalliylashtirish, infratuzilmani rivojlantirish, moliyalashtirish va o‘zbekistonlik hamkorlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni kengaytirishga qaratildi.
Davra suhbati yakunida O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Daniya Qirolligi Tashqi ishlar vazirligi o‘rtasida Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik bo‘yicha ikki tomonlama komissiya tuzish to‘g‘risida Anglashuv memorandumi imzolandi.
Tadbir B2B va B2G shaklidagi muzokaralar bilan davom etdi.
[gallery-31754]
Dilshod HAKIMOV,
Nosirjon HAYDAROV (surat),
O‘zA