Soliq qo‘mitasi delegatsiyasi IHTT Global forumi yig‘ilishida ishtirok etdi
Soliq qo‘mitasi delegatsiyasi Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (IHTT)ning Soliq maqsadlarida shaffoflik va axborot almashinuvi bo‘yicha Global forumi Ekspert baholash va monitoring guruhi (PRMG)ning navbatdagi yig‘ilishida ishtirok etdi. Bu haqda Soliq qo‘mitasi axborot xizmati xabar berdi.
Parij shahrida o‘tkazilgan mazkur yig‘ilishning ishchi sessiyalarida O‘zbekiston Global forum doirasida ekspert baholash jarayonidan o‘tayotgan yurisdiksiya sifatida qatnashdi.
O‘zbekistondagi ekspert baholash ishlari qariyb bir yil davomida olib borildi. Jarayon Soliq qo‘mitasi va Global forum ekspertlari o‘rtasidagi hamkorlik asosida tegishli vazirlik hamda idoralar ishtirokida tashkil etildi.

Shu davrda vazirlik va idoralarning qonunchilik asoslari, shuningdek, amaliyotdagi faoliyati batafsil ko‘rib chiqildi. Ma’muriy tartib-taomillarning xalqaro standartlarga qay darajada mos kelishi ham o‘rganildi.
Parijdagi ishchi sessiyalarda esa ushbu o‘rganishlar natijalari ko‘rib chiqildi. Muhokamalarda so‘rov asosida axborot almashinuvi xalqaro standarti - EOIR (Exchange of Information on Request)ning O‘zbekistonda joriy etilishiga ham baho berildi.
O‘zbekiston mazkur Global forumga 2022-yilda qo‘shilgan. A’zolik doirasida mamlakatning soliq shaffofligi va axborot almashinuviga oid amaliyoti xalqaro talablar asosida baholanib boradi. Bunday baholash Global forumga a’zo yurisdiksiyalar uchun belgilangan tartibda o‘tkaziladi.

Ushbu jarayon O‘zbekistonda soliq shaffofligi bo‘yicha xalqaro talablarni amaliyotga joriy etish, axborot almashinuvi mexanizmlarini takomillashtirish hamda xorijiy soliq ma’muriyatlari bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun muhim ahamiyatga ega.
O‘rganishlar natijalari tegishli tartiblar yakunlanganidan so‘ng IHTTning rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA