Namanganda “Yashil transport” takomillashmoqda
Namangan viloyatida ham jamoat transporti tizimini zamonaviylashtirish, aholiga qulay va sifatli xizmat ko‘rsatish borasidagi amaliy sa’y-harakatlar davom etmoqda.
So‘nggi yillarda aholiga avtotransport xizmati ko‘rsatishni yaxshilash, jamoat transporti yo‘nalishlari tarmog‘ini kengaytirish va harakat tarkibini zamonaviy, ekologik toza avtobuslar bilan yangilash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, Prezidentimizning 2023-yil 16-fevraldagi "Jamoat transporti tizimini isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori ijrosi doirasida oxirgi ikki yilda tadbirkorlar tomonidan Namangan shahriga xorijdan 108 ta zamonaviy avtobus olib kelinib, 10 ta yo‘nalishda brutto shartnoma asosida qatnovlar yo‘lga qo‘yildi.

E’tiborlisi, shahar jamoat transporti tarkibida ekologik toza transport vositalari salmog‘i ham ortib bormoqda. Jumladan, “Firdavs trans servis” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan 12 ta “Yutong” rusumli avtobuslar olib kelinib, 25 tadan ortiq yangi ish o‘rni yaratildi.

Yangi avtobuslar taqdimotida Namangan viloyati hokimi, senator Shavkat Abdurazzoqov, huquq-tartibot idoralari rahbarlari va tegishli mutasaddilar ishtirok etdi. Tadbir davomida zamonaviy transport vositalari ko‘zdan kechirilib, ularning texnik imkoniyatlari, yo‘lovchilar uchun yaratilgan qulayliklari hamda shahar yo‘nalishlarida foydalanish masalalari muhokama qilindi.

Qayd etish darkor, joriy yilning sentabr oyida “Turon-95 MBI” mas’uliyati cheklangan jamiyati tashabbusi bilan zamonaviy 10 dona “Zhongtong” rusumli elektrobus olib kelinib, foydalanishga topshirilgan edi.

Umuman olganda, viloyat markaziga olib kelingan zamonaviy va qulay avtobuslar soni 130 taga yetdi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.