O‘zbekiston U-20 Osiyo kubogi yo‘llanmasiga bir qadam qoldi
2027-yilgi Osiyo kubogi saralashida O‘zbekiston U-20 terma jamoasi guruhda peshqadamlik qilmoqda. Ajoyib yurishni davom ettirayotgan yoshlarimiz final bosqichiga chiqish uchun hal qiluvchi sinov oldida turibdi.
O‘zbekiston U-20 terma jamoasi 2027 -yilgi Osiyo kubogi saralashida yuz foizlik natija qayd etib, «B» guruhi peshqadamligini mustahkamladi. Jamoliddin Rahmatullayev boshchiligidagi jamoa dastlabki ikki uchrashuvda 6 ochko jamg‘ardi.
Yoshlarimiz avval Bangladeshni 2:0 hisobida mag‘lub etgan bo‘lsa, ikkinchi turda Hindiston ustidan yirik — 4:0 hisobida g‘alaba qozondi.

Shu tariqa, O‘zbekiston ikki uchrashuvda raqiblar darvozasiga 6 ta gol yo‘lladi va birorta ham to‘p o‘tkazib yubormadi. Ikkinchi turda Suriya Bangladeshni 3:0 hisobida taslim etdi va dastlabki ochkolarini qo‘lga kiritdi. Natijada O‘zbekiston 6 ochko bilan guruhni boshqarib turibdi.
Suriya va Hindiston hisobida 3 tadan ochko mavjud, Bangladesh esa hozircha ochko jamg‘ara olmadi. Endi barchasi so‘nggi turda hal bo‘ladi. O‘zbekiston U-20 terma jamoasi 6-sentabr kuni Suriyaga qarshi maydonga tushadi. Vakillarimizga ushbu uchrashuvda mag‘lub bo‘lmaslikning o‘zi kifoya. G‘alaba yoki durang O‘zbekistonning «B» guruhida birinchi o‘rinni egallashi va 2027-yilgi U-20 Osiyo kubogi final bosqichiga yo‘l olishini ta’minlaydi.
Ulug‘bek Hoshimov, O‘zA