O‘zbekiston turizmi xalqaro platformalarda targ‘ib qilinmoqda
Mamlakatimizning turizm salohiyatini jahon bozorida yanada keng targ‘ib qilish va yurtimizga xorij davlatlaridan, ayniqsa yuqori daromadli sayyohlarni jalb etish maqsadida yirik xalqaro marketing kampaniyasiga start berildi.
Loyiha dunyodagi yetakchi sayohat platformalari — Expedia Group, Amadeus IT Group va Trip.com hamkorligida amalga oshirilmoqda. Ushbu platformalarning umumiy qamrovi 2 milliarddan ortiq auditoriyani tashkil etadi.
Marketing kampaniyasi AQSH, Buyuk Britaniya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Xitoy, Malayziya, Indoneziya, Tailand, Ispaniya, Polsha, Daniya, Norvegiya, Shvetsiya va Finlyandiya kabi turizm salohiyati yuqori bo‘lgan mamlakatlarni qamrab oladi.
Targ‘ibot doirasida O‘zbekistonga bag‘ishlangan maxsus sahifalar yaratiladi, mamlakatning turistik imkoniyatlari haqida maqolalar e’lon qilinadi hamda reklama materiallari veb-saytlar, mobil ilovalar, ijtimoiy tarmoqlar va hamkorlik tarmoqlari orqali keng ommaga yetkaziladi.
Rejaga muvofiq, kampaniya davomida 180 milliondan ortiq reklama namoyishlari amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan. Bu esa O‘zbekistonning tarixiy-madaniy merosi, zamonaviy turistik infratuzilmasi va betakror sayohat yo‘nalishlarini millionlab xorijliklarga tanitish, mamlakatning xalqaro turistik brendini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, Expedia Group tarkibiga Expedia, Hotels.com Vrbo, Travelocity va Orbitz kabi mashhur sayohat xizmatlari kiradi. Ularning xizmatlaridan har yili 300 milliondan ortiq sayyoh foydalanadi. Amadeus IT Group esa aviakompaniyalar, mehmonxonalar va turizm sohasi ishtirokchilarini birlashtiruvchi yirik bron qilish tizimlaridan biri hisoblanadi.
Trip.com esa Osiyoning eng yirik onlayn sayohat platformalaridan biri bo‘lib, 800 milliondan ziyod foydalanuvchiga xizmat ko‘rsatadi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA