Davlat basseyn qurish xarajatining yarmini qoplab beradi
Turizm sohasida faoliyat yurituvchi tadbirkorlar uchun yana bir muhim qo‘llab-quvvatlash mexanizmi joriy etildi.
Endi zamonaviy suzish havzasi (basseyn) qurishni rejalashtirayotgan tadbirkorlar davlatdan 100 million so‘mgacha subsidiya olish imkoniga ega bo‘ladi.
Hukumatning tegishli qarori bilan “Yangi zamonaviy suzish havzalarini (basseyn) qurish va ishga tushirish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatish” ning ma’muriy reglamenti tasdiqlandi.
Unga ko‘ra, davlat basseynni qurish va foydalanishga topshirish bilan bog‘liq xarajatlarning 50 foizigacha, biroq 100 million so‘mdan oshmagan қисмини qoplab beradi.
Mazkur dastur doirasida 2026-yil 1-fevraldan 2028-yil 1-yanvargacha foydalanishga topshiriladigan dastlabki 100 ta zamonaviy suzish havzasi uchun subsidiya ajratiladi.
Subsidiyadan foydalanish uchun tadbirkor soliq va boshqa majburiy to‘lovlar bo‘yicha qarzdor bo‘lmasligi, qayta tashkil etish yoki tugatish jarayonida bo‘lmasligi,faoliyati qonunchilikka muvofiq vaqtincha to‘xtatilmagan bo‘lishi hamda sud qarori bilan to‘lovga qobiliyatsiz deb topilmagan bo‘lishi lozim.
Tadbirkorlar arizani Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali Turizm qo‘mitasiga taqdim etadi.
Arizaga suzish havzasining loyiha hujjatlari, qurilish va ishga tushirish bo‘yicha pudrat shartnomasi, amalga oshirilgan to‘lovlarni tasdiqlovchi elektron hujjatlar ilova qilinadi.
Turizm qo‘mitasi xarajatlarni qoplash to‘g‘risida qaror qabul qilgach, 10 ish kuni ichida subsidiya mablag‘i tadbirkorning hisob-raqamiga o‘tkazib beriladi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA