O‘zbekiston – Qirg‘iziston: davlat ijtimoiy sug‘urtasi va pensiya ta’minoti bo‘yicha bitim imzolandi
Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligining axborot xizmati xabar berdi. Unda qayd etilishicha, Qirg‘iz Respublikasining Cho‘lpon-Ota shahrida o‘tkazilgan oliy darajadagi uchrashuv doirasida O‘zbekiston Respublikasi Hukumati va Qirg‘iz Respublikasi Vazirlar Mahkamasi o‘rtasida davlat ijtimoiy sug‘urtasi va pensiya ta’minoti to‘g‘risidagi bitim imzolandi.
Hujjat ikki davlat hududida mehnat qilgan fuqarolarning pensiya huquqlarini ishonchli himoya qilish, ularning ijtimoiy kafolatlarini mustahkamlash hamda pensiya ta’minoti sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan.
Bitimga muvofiq, har bir davlat fuqaroning o‘z hududida orttirgan ish (sug‘urta) staji uchun pensiya tayinlaydi va uni moliyalashtiradi. Pensiya miqdori esa har bir davlatning milliy qonunchiligiga muvofiq, fuqaroning mazkur davlat hududidagi mehnat staji, ish haqi yoki to‘langan sug‘urta badallari asosida hisoblanadi.
Shuningdek, bir davlatda tayinlangan pensiyani pensioner boshqa tomon hududiga doimiy yashash uchun ko‘chib o‘tgan taqdirda ham olish imkoniyati kafolatlanadi. Bitim bilan ikki davlat fuqarolari uchun teng huquqlar ta’minlanib, dafn etish nafaqasi, tibbiy-ijtimoiy ekspertiza, shaxsga doir ma’lumotlarni himoya qilish hamda vakolatli organlar o‘rtasida axborot almashish tartiblari ham belgilangan.
Bitimning o‘tish qoidalariga ko‘ra, u kuchga kirguniga qadar orttirilgan ish staji milliy qonunchilik hamda 1992-yil 13-martdagi MDH doirasidagi tegishli bitim asosida hisobga olinadi.
Mazkur hujjat O‘zbekiston va Qirg‘izistonda mehnat faoliyatini amalga oshirgan fuqarolarning pensiya ta’minotini yanada takomillashtirish, ularning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish hamda ikki davlat pensiya tizimlari o‘rtasidagi majburiyatlarni adolatli taqsimlashda muhim ahamiyatga ega.
N.Ziyodullayeva, O‘zA