Farzand taqdiri qonun himoyasida
Farzandlikka olish, avvalo, bolaning huquq va manfaatlarini ishonchli himoya qilishni talab etadigan mas’uliyatli huquqiy jarayon. Shu bois O‘zbekistonda mazkur masala yillar davomida takomillashtirilib, bugungi kunda aniq huquqiy tartib asosida amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasida farzandlikka olish muqaddam tuman (shahar) hokimi qarori asosida amalga oshirilgan bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasining 2013-yil 30-apreldagi O‘RQ-352-sonli qonuni bilan Oila kodeksi va fuqarolik protsessual kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. Natijada 2013-yil 1-iyundan boshlab bu toifadagi ishlar fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan amalga oshirilishi belgilandi.

Mazkur tartibning mohiyati birgina rasmiy jarayonni o‘zgartirish bilan cheklanmaydi. Uning zamirida inson va bola huquqlari ustuvorligi, jarayonning shaffofligi va xolisligi, farzandlikka olish sirini mustahkamlash, huquqiy oqibatlar va bekor qilish mas’uliyati kabi muhim mezonlar mujassam. AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya kabi rivojlangan davlatlar va aksariyat MDH mamlakatlarida ham bola asrab olishning faqat sud tartibida amalga oshirilishi mazkur yondashuvning xalqaro amaliyotda keng qo‘llanilishini ko‘rsatadi.
Amaldagi O‘zbekiston Respublikasi FPKning 29-bobi (298-304-moddalar), Oila kodeksining 20-bobi (151-172-moddalari) farzandlikka olish bilan bog‘liq masalalarni qamrab olgan. Shuningdek, 2013-yil 11-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi plenumining “Sudlar tomonidan farzandlikka olish haqidagi ishlar bo‘yicha qonunchilikni qo‘llash amaliyoti to‘g‘risida”gi (35-banddan iborat) 21-sonli qarori qabul qilingan.
Qonunchilikda farzandlikka olishning shartlari ham aniq belgilab qo‘yilgan. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi FPKning 300-moddasida farzandlikka olish haqida arizaga ilova qilinadigan hujjatlar, Oila kodeksining 152-moddasida farzandlikka olishi mumkin bo‘lgan shaxslar, 154-moddasida farzandlikka olishda ustun huquqqa ega shaxslar keltirilgan.

Eng muhimi, O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 151-moddasiga ko‘ra, farzandlikka olishga faqat voyaga yetmagan bolalarga nisbatan va faqat ularning manfaatlarini ko‘zlab yo‘l qo‘yiladi. Ya’ni bu jarayonning markazida ariza beruvchining xohishi emas, avvalo, bolaning huquqi, manfaati va kelajagi turadi.
Farzandlikka olish bolani farzandlikka olishni istagan shaxslarning (shaxsning) arizasiga ko‘ra, vasiylik va homiylik organlarining farzandlikka olishning asosliligi va farzandlikka olinayotgan bola manfaatlariga to‘g‘ri kelishi haqidagi xulosasi hisobga olingan holda sud tomonidan amalga oshiriladi.
Demak, farzandlikka olish shunchaki oila tarkibini kengaytirish emas, balki bir inson taqdirini o‘z zimmasiga olishdek yuksak mas’uliyatdir. Sud tartibining joriy etilgani esa aynan shu mas’uliyatni qonun ustuvorligi va bola manfaatlari asosida ta’minlashga xizmat qiladi.
Jo‘rabek Xudoynazarov,
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Jizzax
tumanlararo sudining sudyasi.
O‘zA