O‘zbekiston Prezidenti Malayziya Bosh vaziri bilan uchrashuv o‘tkazdi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev poytaxtimizda to‘xtab o‘tgan Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohim bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Samimiy muloqotda ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish, ularni amaliy mazmun bilan boyitish masalalari atroflicha muhokama qilindi.


Oliy darajadagi o‘zaro tashriflar natijasida mamlakatlarimiz hamkorligi mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarildi. Xususan, yil boshidan buyon tovar ayirboshlash hajmi 15 foizga o‘sdi, qo‘shma korxonalar soni esa 50 taga yetdi. Turli darajalarda faol muloqotlar davom etmoqda.
Davlatimiz rahbari ayni kunlarda O‘zbekistonda bo‘lib turgan Malayziyaning “Petronas” korporatsiyasi delegatsiyasi bilan muzokaralarning ahamiyatiga to‘xtalib, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida strategik loyihalarni amalga oshirishni jadallashtirish zarurligini qayd etdi.


Jumladan, neft-kimyo, yuqori texnologiyalar, qishloq xo‘jaligi, mashinasozlik, farmatsevtika va boshqa ustuvor sohalardagi loyihalarni ilgari surishga e’tibor qaratildi.
Muloqot davomida islom moliyasi, hududlararo aloqalar, ziyorat turizmi, to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar sonini oshirish hamda madaniyat almashinuvlari yo‘nalishlaridagi hamkorlik istiqbollariga ham to‘xtalib o‘tildi.


Xalqaro va mintaqaviy kun tartibi yuzasidan ham fikr almashildi.
Uchrashuv yakunida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohimni O‘zbekistonga alohida tashrif bilan kelishga taklif qildi.