O‘zbekiston – Albaniya aloqalarida yangi iqtisodiy va siyosiy imkoniyatlar eshigi ochilmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Albaniya Respublikasi Prezidenti Bayram Begay rafiqasi hamrohligida rasmiy tashrif bilan mamlakatimizda bo‘lib turibdi.
Zamonaviy dunyoda davlatlararo munosabatlarning muvaffaqiyati xaritadagi masofalarga bog‘liq bo‘lmay qoldi. Bugun do‘stona aloqalar siyosiy iroda va o‘zaro manfaatlar uyg‘unligi bilan belgilanmoqda.
O‘zbekistonning yangicha, ochiq va pragmatik tashqi siyosiy strategiyasi uzoq va yaqin hamkorlar bilan teng huquqli hamda do‘stona aloqalarni izchil mustahkamlashga xizmat qilyapti. Albaniya Respublikasi bilan munosabatlarning sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarilishi bu fikrning yaqqol isbotidir.
Ikki davlat o‘rtasida faollashayotgan oliy darajadagi siyosiy muloqot nafaqat diplomatik aloqalarni kengaytirish, balki iqtisodiy va investitsiyaviy sohalardagi ulkan salohiyatni ro‘yobga chiqarish uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochmoqda.
O‘zbekiston va Albaniya o‘rtasidagi diplomatik munosabatlar tarixi 1993-yilga borib taqaladi. Lekin so‘nggi yillarda ushbu aloqalar butunlay yangi mazmun va sur’at kasb etdi. 2025-yil 23-sentabr kuni Nyu-York shahrida BMT Bosh Assambleyasining 80-yubiley sessiyasi doirasida O‘zbekiston Prezidentining Albaniya Prezidenti Bayram Begay bilan o‘tkazgan muzokaralari ikki tomonlama munosabatlar rivojida muhim bosqich bo‘ldi.
O‘z navbatida, agrosanoat majmui, “yashil” energetika, geologiya, axborot texnologiyalari va raqamlashtirish sohalaridagi kooperatsiya dasturlari har ikki tomon uchun yangi ish o‘rinlari va ishlab chiqarish quvvatlarini yaratadi.
Siyosiy doiralardagi yuqori ishonch va madaniy-gumanitar sohadagi almashinuvlar xalqlarimizni yanada yaqinlashtirishi shubhasizdir. O‘zbekiston va Albaniya o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlarning bugungi holati, shubhasiz, yangi bosqichga ko‘tarildi.
Ko‘ksaroy qarorgohida 16-iyun kuni Albaniya Respublikasi Prezidenti Bayram Begayni rasmiy kutib olish marosimi bo‘ldi.
Qarorgoh oldidagi maydonda faxriy qorovul saf tortdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev oliy martabali mehmonni samimiy kutib olib, shohsupaga taklif qildi.
Harbiy orkestr ijrosida O‘zbekiston va Albaniya davlat madhiyalari yangradi. Yetakchilar faxriy qorovul safi oldidan o‘tib, rasmiy delegatsiyalar a’zolarini qutladilar.
Shundan so‘ng Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Albaniya Respublikasi Prezidenti Bayram Begay rasmiy delegatsiyalar ishtirokida muzokara o‘tkazdilar.
Ikki davlat o‘rtasida amaliy hamkorlikni yanada mustahkamlash istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv avvalida davlatimiz rahbari O‘zbekiston va Albaniya munosabatlari tarixida ilk bor o‘tkazilayotgan ushbu sammit alohida ahamiyatga ega ekanini, uning ikki tomonlama hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishini qayd etdi.
Siyosiy muloqot va turli darajadagi aloqalar faollashgani mamnuniyat bilan qayd etildi. BMT va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasida tomonlar bir-birini qo‘llab-quvvatlab kelmoqda.
Tovar ayirboshlashni kengaytirishga, agrosanoat majmui, “yashil” energetika, geologiya, axborot texnologiyalari va raqamlashtirish, turizm hamda boshqa muhim sohalarda keng ko‘lamli kooperatsiya dasturini tayyorlashga alohida e’tibor qaratildi.
O‘zbekiston mahsulotlarini Janubiy Yevropa va O‘rta yer dengizi bozorlariga chiqarishda logistika xabi sifatida Albaniyaning Durres portidan foydalanish imkoniyatlari o‘rganiladi.
Iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikning huquqiy asoslarini kengaytirish muhimligi alohida ta’kidlandi.
Hamkorlikning iqtisodiy kun tartibini ilgari surish maqsadida Hukumatlararo komissiyani tashkil etish va uning birinchi yig‘ilishini joriy yilda Toshkent shahrida o‘tkazishga kelishib olindi.
Madaniy-gumanitar sohada tomonlar o‘zaro Madaniyat kunlari, kino namoyishlari, ko‘rgazma va ijodiy safarlarni tashkil etish muhimligini ta’kidladilar.
Yetakchilar mintaqaviy va xalqaro kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashdilar.
Oliy darajadagi muzokaralar yakunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Albaniya Respublikasi Prezidenti Bayram Begay Faxriy mehmonlar xiyobonida birgalikda daraxt ekdilar.
Ushbu marosim ikki mamlakat xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro anglashuv mustahkamlanib borayotgani, O‘zbekiston – Albaniya ko‘p qirrali munosabatlarini rivojlantirishda yangi bosqich boshlanganining ramzi bo‘ldi.
Oliy martabali mehmon rafiqasi hamrohligida shu kuni “Yangi O‘zbekiston” bog‘iga tashrif buyurib, Mustaqillik monumenti poyiga gulchambar qo‘ydi.
Mamlakatimizning o‘tmishi va kelajagi o‘rtasidagi uzviylikni ifodalovchi Mustaqillik monumenti yurtimizda yuksak ma’naviyat va ezgu qadriyatlar qaror topganidan dalolat berib, Vatanimizning tarixiy ildizlari va taraqqiyot salohiyatini yaqqol namoyon etadi.
Albaniya Respublikasi Prezidenti Bayram Begay Ko‘ksaroy qarorgohidagi oliy darajadagi muzokaralardan so‘ng Samarqandga tashrif buyurdi.
Albaniya yetakchisi Samarqand bilan tanishuvni Imom Buxoriy majmuasini ziyorat qilishdan boshladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan buyuk muhaddis bobomizning Islom olamida tutgan nufuziga mos tarzda yangidan bunyod etilgan majmuaning ulug‘vorligi va bu yerdagi tarbyaviy-ma’naviy muhit oliy martabali mehmonda katta qiziqish uyg‘otdi. Ayniqsa, Imom Buxoriy hayoti va faoliyati haqida ma’lumot beruvchi innovatsion muzeyni Albaniya yetakchisi hayrat bilan tomosha qildi.
Albaniya Respublikasi Prezidenti Amir Temur maqbarasi, Registon majmuasi, Mirzo Ulug‘bek muzey-rasadxonasida bo‘ldi.
Bu tarixiy obidalar bilan tanishuv chog‘ida oliy martabali mehmonga ajdodlarimizning bunyodkorlik salohiyati, Samarqandning insoniyat sivilizatsiyasi rivojidagi o‘rni va ayni paytda yurtimizda tarixiy-madaniy yodgorliklarni asrab-avaylash borasidagi ishlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Albaniya Respublikasi Prezidenti Samarqand xalqaro turizm markazidagi “Boqiy shahar” tarixiy-etnografik majmuasiga tashrifi davomida bu yerda namoyish etilgan milliy hunarmandlik mahsulotlari va xalq amaliy san’ati namunalarini tomosha qilib, boy tarixga ega Yangi O‘zbekiston Prezident Shavkat Mirziyoyev yetakchiligida taraqqiyotning muhim bosqichiga chiqqanini e’tirof etdi.
Albaniya Respublikasi Prezidenti Bayram Begayning O‘zbekistonga rasmiy tashrifi davom etmoqda.
Ziyodulla JONIBEKOV,
Ikrom AVVALBOEV,
O‘zA muxbirlari